Davlatimiz rahbari tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi. Mazkur huquqiy hujjat huquqshunoslar orasida “qonunlar haqidagi qonun”, deb atalishi bejiz emas. Zotan, ushbu qonun mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatining “yuragi” hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’lumki, davlat boshqaruvi norma ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish orqali ro‘yobga chiqadi. Huquq normalarining hayotiy va xalqchil bo‘lishi aynan mazkur jarayonga bevosita bog‘liq. Zero, insonlar huquq normalarida o‘z hayoti kafolatlarini ko‘rishni istaydi. Shu bois, huquq normalarini har jihatdan pishiq va puxta tayyorlash hayotiy muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ham ko‘p jihatdan o‘tgan yillarda shakllangan qonunchilik bazasi, shuningdek, norma ijodkorligi jarayoni sifatiga bevosita bog‘liq.
O‘rganishlar 2012 yilda qabul qilingan, 7 bob, 44 moddadan iborat “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun norma ijodkorligi faoliyatini tizimli asosda tashkil etish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmlariga ega emasligini ko‘rsatdi. Masalan, bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va qabul qilish masalalari 10 ga yaqin turli yuridik kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Birgina 2008-2017 yillarda 8 mingdan ortiq hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa, ularning yarmi bekor qilingan, xususan 2017-2018 yillarda qariyb 900 dan ortiq hujjatlar to‘liq yoki qisman bekor qilingan.
Aytish kerakki, yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda sohaga oid barcha qonunosti hujjatlari tizimlashtirilgan bo‘lib, qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan yangi tartib va qoidalar bilan yanada takomillashtirildi. Xususan, endilikda qonun hujjatlarini qabul qilish asoslari va tartibi, qonunosti hujjatlarining tartibga solish doirasi aniq belgilandi. Unga ko‘ra, qonun bilan tartibga solinadigan masalalar bo‘yicha qonunosti hujjatlarini qabul qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy mustahkamlandi. Shu bilan birga, Qonunda jamoatchilik fikrini o‘rganishga alohida e’tibor berilib, endilikda loyihalar bo‘yicha majburiy jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi belgilandi. Ayni paytda, fuqarolar ham referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, shu vaqtga qadar qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti, fuqarolarning hayoti va turmush tarzi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati va ishbilarmonlik muhitini tartibga solishdagi ta’sirchanligi to‘liq baholanmagan. Shakllangan amaliyotga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarni baholash ularning Davlat byudjetiga ta’siri nuqtai nazaridan o‘tkazilar edi. Qonun hujjatlarini ishlab chiqish va ularni qabul qilgandan so‘ng baholash va prognozlashning zamonaviy usullari mavjud emasligi fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘zini oqlamagan moliyaviy xarajatlar, shuningdek, davlat va uning organlari oldida asossiz majburiyatlar keltirib chiqarayotgan edi.
Shu bois, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishni rejalashtirish, ishlab chiqish bosqichlarida ularning ta’sirini majburiy baholashni nazarda tutuvchi prinsipial yangi tizim joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, endilikda har bir normativ-huquqiy hujjatni ijro etish, sodda qilib aytganda, «necha pulga tushishi», shuningdek, qaysi muammoni hal etishi yoki qancha odamning og‘irini yengil qilishi tahlil qilinadi.
Yana bir masala, uzoq yillar davomida norma ijodkorligi sohasida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar yetarli darajada o‘tkazilmagan, qonun loyihalarini ilmiy va boshqa, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti rivojlanmagandi. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza mexanizmlari garchi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan uslubiyot ko‘rinishidagi umumiy metodologik baza orqali ta’minlangan bo‘lsa-da, amaliyotda mazkur turdagi ekspertizani majburiy tartibda o‘tkazish haqidagi qoidaning belgilanmaganligi uning ahamiyatini pasaytirgan. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tashkilotning majburiyati emas, balki huquqi edi. Shu sababli qonunda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizasining muhim elementi sifatida korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish tartibi qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Endilikda har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasida korrupsiyaviy shart-sharoitlar, ularni keltirib chiqaruvchi normalar bartaraf etiladi. Qonun hujjatlari loyihalari 7 ish kunida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari loyihalari 3 ish kunida, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning hujjatlari loyihalari 5 ish kunida, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalari 3 ish kunida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi nazarda tutildi. Ayni paytda mazkur muddatlarni buzgan rahbarlar ijro intizomi doirasida javobgar bo‘ladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligi, uning vaqtincha amal qilishini muayyan hududda va shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda huquqiy eksperiment doirasida o‘rganish mumkin.
Qonunda ko‘plab yangiliklar mavjud bo‘lib, ularning barchasi pirovard maqsad – amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashni takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, tadbirkorlik sub’ektlarining kafolatlari, himoyasi va qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash, ularning fikrlarini to‘laqonli hisobga olish va «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» tamoyilini har tomonlama ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Valisher DAVLYATOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
kafedra mudiri, (PhD).