“Norindaryo” koʻprigini taʼmirlash ishlari davom etmoqda
Norin tumanini Namangan viloyati markazi bilan bogʻlovchi “Norindaryo” koʻprigini mukammal taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Norin tumanini Namangan viloyati markazi bilan bogʻlovchi “Norindaryo” koʻprigini mukammal taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Fargʻona halqa yoʻlining 93-kilometrida joylashgan “Norindaryo” koʻprigi qariyb 60 yil davomida elga xizmat qilgan. Koʻprikda darz ketish alomatlari sabab joriy yil 24-aprelda harakatlar vaqtinchalik toʻxtatilgan edi.
– Koʻprikni mukammal taʼmirlash ishlariga 30 nafar ishchi va mutaxassis hamda 10 dan ortiq texnika jalb etilgan, – deydi “2-Koʻprikqurilish” unitar korxonasi ish yurituvchi Akramjon Parpiyev. – Koʻprikning uzunligi 267 metr, eni esa 8,20 metrli avtomobil yoʻlidan iborat.
Koʻprikning ikkala yon tarafida eni 80 santimetrli piyodalar yoʻlagi ham barpo etiladi. Joriy yil oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan obyektda hozirgacha 70 foiz ish bajarildi. 25-avgustga qadar montaj ishlari tugallanishi koʻzda tutilgan.