Norinda salomatlik marafoni o‘tkazildi
Namangan viloyatining Norin tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi tomonidan tashkil etilgan “Besh ming qadam” salomatlik marafoni aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika tadbirlarining samaradorligini yuksaltirishga qaratildi.
Marafonda Norin tuman hokimligi va tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika xodimlari hamda mahallalar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida profilaktik tibbiy ko‘rik va skrininglarning ahamiyati, sog‘lom turmush tarzi tamoyillari, to‘g‘ri ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda zararli odatlardan voz kechish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi.



Ma’lumot o‘rnida, mazkur “Salomatlik marafoni” bir oy muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, uning doirasida fuqarolarning sog‘lig‘ini mustahkamlash maqsadida bir qator targ‘ibot va profilaktika tadbirlari tashkil etiladi. Bundan avval, viloyatda “Salomatlik marafoni” Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida yuqori saviyada, keng aholi ishtirokida ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri