Noqonuniy tovarlar aniqlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan katta miqdordagi noqonuniy tovarlarning aylanmasiga chek qo‘yildi.
Viloyat IIB va DXX xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirda oldindan olingan ma’lumotlarga asoslangan holda harakatlangan xodimlar tomonidan “Isuzu” rusumli avtotransport vositasi G‘ijduvon tumani hududidagi “Sarmijon” YPX maskanida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 142 ming 800 dona pirotexnika vositalari, 2000 quti tamaki mahsulotlari hamda 96 turdagi sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi.
Hozirda umumiy qiymati 353 million so‘m deb baholanayotgan noqonuniy tovar moddiy boyliklari yuzasidan qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlov choralari ko‘riladi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri