Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkor sifatida qonuniy ish olib borish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan.
Ana shu imkoniyatdan foydalangan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, qator yutuqlarga erishayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ba’zi bir kishilar faqat o‘z manfaatini ko‘zlab, amaldagi qonun talablarini buzayotganligi achinarlidir.
Ibrohim Asrorov 1986 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. O‘tgan yili u ro‘zg‘or tebratish maqsadida Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan moyjuvoz dastgohini sotib oldi. Biroq dastgohni o‘rnatish, undan qonuniy foydalanish bilan bog‘liq tartib-tamoyillarning birortasiga amal qilmadi. Uch fazali elektr tokiga ham hech kimdan so‘ramay, elektr tarmog‘i korxonasining ruxsatisiz ulanib oldi. Ana shu tariqa uning qo‘shtirnoq ichidagi faoliyati boshlanib ketdi. Kunjara ishlab chiqarib, Paxtaobod tumanidagi bozorda sotib yurdi. O‘zi ishlab chiqargan paxta yog‘ini esa, Andijon shahridagi “Jahon bozori”da sotishni yo‘lga qo‘ydi.
Agarda, uning faoliyatiga huquq-tartibot idoralari o‘z vaqtida barham bermaganida, bugun u o‘z bilganicha ish tutayotgan, qancha insonlarning sog‘ligini o‘zi ishlab chiqargan iste’molga yaroqsiz mahsulot bilan xavf ostiga qo‘yayotgan bo‘lishi mumkin edi.
– Qonun himoyachilari uning xonadonidagi yashirin sexni fosh etdi, – deydi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akmaljon Isaqov. – Afsuski, u tadbirkorlik borasida olib borayotgan faoliyati bo‘yicha zarur birorta rasmiy hujjat ko‘rsata olmadi. Kunjara, paxta yog‘i, turli buyumlar esa voqea joyidan ashyoviy dalil tariqasida musodara qilindi.
Yuqoridagi holat albatta, noqonuniy ish yuritayotgan tadbirkorning qonun oldida javob berishiga olib keldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida bo‘lib o‘tgan majlisda ushbu masala atroflicha ko‘rib chiqildi.
I. Asrorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli modda va bandlariga ko‘ra aybdor, deb topildi. Ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan u bir yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortildi.
Ta’kidlanganidek, bugun qonuniy ish yuritaman degan odamga zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Biroq, I. Asrorov kabi o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy ishga qo‘l urgan kishilar albatta, jazoga tortiladi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA