Noqonuniy qurilishlarga vakolatli tashkilotlar ham sababchi(mi?)
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan vakolatli organlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyati doimiy tarzda monitoring qilib boriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra, vakolatli organlar ba’zi hollarda davlat xizmatlari ko‘rsatishda amaldagi qonun hujjatlari talablarini qo‘pol ravishda buzayotgani aniqlanmoqda.
Xususan, “SAMARQAND-BUNYODKOR-QURILISH LOYIHA” MCHJ 2020 yil 25 dekabr kuni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Jomboy tumani, A.Qurbonov massivi hududidan 5 qavatdan iborat, 30 xonadonli turar-joy binosi qurilishining loyiha hujjatlarini kelishish to‘g‘risida Samarqand viloyat Qurilish bosh boshqarmasiga so‘rov yuborgan.
So‘rovnoma mazkur boshqarma tomonidan ko‘rib chiqilib, arxitektura qismini kelishish uchun Jomboy tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yuborilgan.
Biroq, ushbu so‘rovnomani yuborilganiga 5 oydan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha ijrosi ta’minlanmasdan qolmoqda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan «Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda bir vaqtda ob’ektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti»ning 21-bandida xulosa beruvchilar uch ish kuni mobaynida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini ko‘rib chiqishlari va ularga e’tirozlar bo‘lmagan holatda o‘z xulosalarini qurilish bosh boshqarmasiga yuborishlari belgilangan.
Bu kabi holatlar Jomboy tuman SEO va JSX tomonidan “SAM PEM GASI” MCHJning 1 ta,“SHUKURJON-SHS” xususiy korxonasining 2 ta, “SAFO LOYIHA” MCHJning 1 ta, Toyloq tuman SEO va JSX tomonidan “JIZZAX BUNYODKOR LOYIHA” MCHJning 2 ta loyiha smeta hujjatlarini kelishish to‘g‘risidagi so‘rovnomalarini ko‘rib chiqishda ham takrorlangan. Shuningdek, Samarqand tuman SEO va JSX tomonidan “PARVIZ PROEKT SERVIS” MCHJ va “SHARQEVROPROEKT” MCHJning loyiha smeta hujjatlarini kelishish to‘g‘risidagi so‘rovnomalari yuzasidan xulosalar ham kechiktirilib yuborilgan.
Arxitektura va qurilish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi mas’ul tashkilotlarning amaldagi qonun hujjatlari talablarini yuqoridagi kabi qo‘pol tarzda buzishi qurilish ishlarini amalga oshiruvchi sub’ektlar tomonidan noqonuniy qurilishlarga qo‘l urishga olib kelishi mumkin.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning 3 fevral kuni loyiha smeta hujjatlarini kelishish xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi tashkilotlarning (Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, tuman shahar FVB va SEO va JSX) mas’ullari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazilib, mas’ullarga ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishning amaldagi tartibi batafsil tushuntirib berilgan bo‘lsa-da, soha mas’ullari tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilib kelinmoqda. Mazkur qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish, kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida aybdor xodimlarning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi loyihachi tashkilotlarni loyiha smeta hujjatlarini kelishish xizmatini ko‘rsatilishida qonun hujjatlari talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida hamkorlikka chaqiradi.
Sardor DAVRONOV,
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Bo‘lim boshlig‘i