Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi Qiziltepa tumani bo‘limi inspektorlari tomonidan “G‘amxo‘r” MFY hududida fuqaro S.R hamda A.Sh tomonidan jami 140 kv.metr yer maydoni hech qanday hujjatlarsiz egallab olinib, molxona binosi va qo‘shimcha inshootlar qurilishi boshlab yuborilganligi aniqlangan.
Natijada bo‘lim inspektorlari tomonidan fuqarolarga noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish berildi.
– Berilgan ogohlantirishdan to‘g‘ri xulosa chiqargan fuqarolar o‘zlari noqonuniy qurilmani bartaraf etdi hamda yer maydoni avvalgi holatiga qaytarildi, – deydi Kadastr agentligi Qiziltepa tumani bo‘limi bosh inspektori Akmal Qudratov. – Noqonuniy inshootlar qurilishi bartaraf qilinmagan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobaridan 300 barobarigacha jarima solinib, noqonuniy qurilmani bartaraf etish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritiladi hamda majburiy tartibda buzib tashlanadi.
[gallery-17367]
Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda ularni muhofaza qilish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 349 ta, shundan 308 ta holatda 42,7 gektar yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda 41 ta holatda 1,1 gektar yer maydonlarida noqonuniy qurilish qilish holati aniqlangan.
Ko‘rilgan choralar natijasida o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarning 242 tasi ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan, 42 tasi bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, bino va inshootga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik, yer tuzish loyihalaridan chetga chiqish holatlari bo‘yicha 358 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ChI7Q2BVAuQ" title="Noqonuniy qurilishlar bartaraf etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari