Noqonuniy mahsulotlar fosh bo‘ldi
Tovar moddiy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatimizga olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli tarzda kurashilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish tezkor vakillari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi. Unda oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, Bekobod shahar “Metallurg” MFY Tinchlik ko‘chasidagi xonadonlardan birida yashovchi M.M.ga tegishli bo‘lgan xorijda ishlab chiqarilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgan qiymati salkam 34 million so‘mlik 2 ming 190 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlarisiz 10 quti miqdoridagi tamaki mahsulotlarini bojsiz olib kirishlari mumkin. Bundan tashqari, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara bojxona posti orqali “Volvo” rusumli yuk avtotransport vositasida yurtimizda faoliyat olib borayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga olib kelinayotgan yuklar nazoratdan o‘tkazildi.
Tashkilotning ishonchli vakili hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv davomida avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 510 million so‘mlik 77 qutida og‘irligi 1 ming 518 kilogramm “Bolalar o‘yinchoqlari” hamda 115 qutida “Chinni idishlar” borligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA