Kattaqo‘rg‘on shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi g‘ayriqonuniy tarzda ishdan bo‘shatildi. 2016 yilda mazkur poliklinikaning ruhiy kasalliklar bo‘limida ish boshlagan fuqaro yillar davomida homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan hamshiralar o‘rniga bir necha bor turli bo‘limlarga o‘tkazilgan. Bu “o‘tkazilishlar” esa oxiri fuqaroning o‘ziga qarshi ishladi.
Xususan, so‘nggi marta 2022 yilning 14 sentyabrida ushbu tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan G.Qo‘chqorova sog‘lig‘i holatiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan L.Xusainova o‘rniga spirografiya xonasi hamshirasi vazifasiga vaqtincha o‘tkazilgan hamda shu kuniyoq G.Qo‘chqorova bilan 2016 yil 2 sentyabrda tuzilgan mehnat shartnomasining 1-bandiga o‘zgartirish kiritilgan.
Birlashma boshlig‘ining joriy yil 15 fevraldagi buyrug‘iga asosan L.Xusainova o‘z o‘rniga qaytishi munosabati bilan G.Qo‘chqorova Mehnat kodeksining 105-moddasi bilan ishdan bo‘shatilgan.
Ammo Mehnat kodeksining 93-moddasiga binoan, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Boshqa ishga o‘tkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart. Huquqlari oyoqosti bo‘lgan ayol Kattaqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limiga ushbu chigal masalani qonuniy ko‘rib chiqib, ishga tiklanishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu murojaat adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilib, fuqaro manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud ishni batafsil ko‘rib chiqdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 249-253-moddalarini qo‘llab, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 2023 yil 15 fevraldagi buyrug‘ining G.Qo‘chqorovaga tegishli qismini g‘ayriqonuniy deb topib, bekor qildi. Shuningdek, fuqaroni o‘z vazifasiga yoki unga teng bo‘lgan lavozimga ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun 4 million 112 ming 800 so‘m ish haqi, 2 million 56 ming 400 so‘m ma’naviy zarar undirish haqida qaror qabul qilindi.
G‘.HASANOV, O‘zA