So‘nggi yillarda jamiyatimizda yer resurslariga bo‘lgan talab ortishi natijasida noqonuniy yer egallash holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda. Bu holatlar mamlakat iqtisodiyotiga, qishloq xo‘jaligi rivojiga, shuningdek, ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, noqonuniy yer egallashga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan yerga oid qonunchilik talablari buzilgan holatlar bo‘yicha keng ko‘lamli monitoring va nazorat ishlari olib borilmoqda.

O‘rganishlar natijasida joriy yilning olti oyi davomida 922 ta holatda 47,2 gektar yer maydonlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy egallab olingani aniqlangan.

– Mazkur qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida barcha huquqbuzarlarga yozma ogohlantirishlar berildi. Natijada 657 ta holatda 38,8 gektar yer maydonlaridagi noqonuniy qurilmalar fuqarolarning o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilindi hamda yer maydoni avvalgi holatiga qaytarildi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nishonov. –Qonuniy talablarni bajarmagan shaxslarga nisbatan esa 116 ta holatda 6,8 gektar yer maydonlarini majburiy tartibda buzdirish maqsadida sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Shuningdek, 12 ta holatda 1,1 gektar sug‘oriladigan yerda aniqlangan noqonuniy qurilmalar yuzasidan huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga hujjatlar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, olib borgan o‘rganishlar davomida 179 ta holatda 676,5 gektar yer maydoni fuqaro va tadbirkorlar tomonidan maqsadsiz foydalanilayotgani aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli hokimliklarga taqdimnomalar kiritildi. Natijada 653,2 gektar yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarildi. Qolgan yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish ishlari davom etmoqda.
Albatta, mazkur chora-tadbirlar davlat yer fondining muhofaza qilinishi, yer resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat va o‘rganish ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri