Noqonuniy dori vositalari olindi
Noqonuniy dori vositalarining insonlar salomatligiga xavf solishi haqida qancha ogohlantirilmasin, ularga qarshi qancha chora-tadbirlar qo‘llanilmasin, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchilar hamon uchramoqda. Moddiy manfaati ustun kelgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar, afsuski, bebaho boyligimiz hisoblangan salomatligimizga rahna solmoqda.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlarining DXX, Qashqadaryo viloyat IIB boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro tomonidan kelgusida sotish maqsadida katta miqdordagi dori vositalari saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Tadbir davomida fuqaroga tegishli qurilishi tugallanmagan binoda 19 dona qutida 25 xil turdagi jami 1092 quti dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.


Shu kuni o‘tkazilgan tekzor tadbirlar davomida fuqaroning yashash xonadoni va unga tegishli noturar joylardan ham taxminiy qiymati 544 million so‘mlik jami 11 ming 749 qutidan iborat noqonuniy ijtimoiy dori vositalari va biofaol qo‘shimchalar tekshirib ko‘rish maqsadida vaqtinchalik saqlovga olindi.
Shuningdek, ko‘zdan kechirish davomida fuqaro Ch.Jning yashash xonadoni yotoqxonasidan 1 dona “HATSAN STRIKER” nomli pnevmatik qurol va uning o‘qlari, 1 dona “BUCK”nomli pichoq, 1 dona kastet va boshqa sovuq qurollar topildi.



O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri