Non mahsulotlari narxi oshmagan
Korxonada ishlab chiqarilayotgan qolipli non isteʼmolchilarga 1500 soʻmdan sotilmoqda.
Davlat soliq xizmati xodimlari Buxoro shahrida qolipli non mahsulotlari narxlarini sunʼiy oshirmaslik borasida non va non mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
Xodimlar shahardagi “Oltin boshoq issiq noni” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoni, ayni karantin davrida aholining doimiy talabiga ega boʻlgan qolipli non mahsulotlari narxlarini sunʼiy oshirmaslik borasida tushuntirish ishlarini olib bordi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan qolipli non isteʼmolchilarga 1500 soʻmdan sotilmoqda. Ulgurji bozorda esa 1300 - 1400 soʻmdan yetkazib berilayotir.
– Korxonamizda 15 turdagi non va non mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Shuhrat Vasiyev. – Pandemiya davrida un mahsulotiga boʻlgan zaxiramiz yetarli va aholiga qolipli non mahsulotlarini oʻrtacha 1300 soʻmdan 1500 soʻmgacha boʻlgan narxlarda yetkazib beryapmiz.
Buxoro viloyati DSB matbuot xizmatining xabariga koʻra, xodimlar “Omad baxt quvonch” korxonasida ham boʻlib qolipli non mahsuloti narx-navosini oʻrgandi. Aniqlanishicha, ushbu non ishlab chiqarish korxonasida ham pandemiya davridan oldin qolipli non mahsuloti 1400 va 1500 soʻmdan sotilgan boʻlsa hozirda ham shu narxda aholiga yetkazib berilmoqda.
Bu boradagi oʻrganishlar shahardagi barcha savdo shoxobchalarida oʻtkazildi. Savdo majmualaridagi qolipli non mahsuloti yetkazib beruvchilar tomonidan 1300 soʻmdan hamda 1400 soʻmdan yetkazilmoqda. Oziq-ovqat doʻkonlarida ushbu non mahsuloti 1500 soʻmdan aholiga sotilmoqda. Narxlarda esa oʻzgarishlar kuzatilmagan.