Zomin II Xalqaro maqom festivali oldidan

Prezidentimiz raisligida 2023 yilning 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi yig‘ilishida nafaqat ma’naviyatchi va ziyolilar, madaniyat, san’at va kino xodimlari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular qalbida vatanparvarlik fazilatlarini rivojlantirishda kino, teatr, musiqa va san’atning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, bu boradagi hamkorlikni jadallashtirish borasida aniq topshiriqlar bergan edi. Shuningdek, uchrashuvda mahallalarda milliy folklor jamoalarini tashkil etish, milliy maqom va maqomchilikni rivojlantirish, ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan nomoddiy meroslarni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun yoshlar orasida yengil-yelpi, mazmunan sayoz, g‘aliz qo‘shiqlarni etish va unga raqs tushish odati urf bo‘layotgani, san’atga befarq bo‘lmagan har qanday kishini tashvishga solishi shubhasiz. Bu qo‘shiq va kuylarda mazmun emas, shakl birlamchi bo‘lib qolmoqda.
Masalaga falsafiy yondashadigan bo‘lsak, mazmun birlamchi bo‘lsagina, ma’naviy kamolotga erishiladi. Buning uchun esa yoshlar o‘rtasida milliy ruhni yuksaltirish, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy maqom, milliy folklor, milliy estradani yanada targ‘ib qilish, bu yo‘nalishga qiziqqan va ijod qilib kelayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularni boshqalarga o‘rnak va namuna qilib ko‘rsatish zarur.
Yurtboshimizning Kengash yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan mamlakatimizda, jumladan Jizzax viloyatida ham madaniyat, san’at, teatr, folklor va baxshichilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat drama teatrida tariximiz va vatanparvarlikni targ‘ib etishga qaratilgan “To‘maris”, “Jizzax qo‘zg‘oloni”, “Nodirabegim” kabi spektakllar sahnalashtirildi. Har oyning bir kuni – Teatr kuni deb, e’lon qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizda maqom ijrochilarining respublika tanlovi har to‘rt yilda bir marta muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning 29 may sanasida Milliy maqom san’ati respublika ko‘rik-tanlovi birinchi marta Jizzax viloyatida o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan maqom ansambllari orasida mutlaq g‘oliblikni jizzaxlik maqomchilar ansambli qo‘lga kiritdi. Ular Zominda o‘tishi rejalashtirilgan II Xalqaro maqom anjumanida (turli hududlardan to‘rt yo‘nalishdagi 20 nafar g‘oliblar bilan) ishtirok etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning 27-30 iyun kunlari viloyatning Zomin tumanida ilk marotaba II Xalqaro maqom san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Anjumanda 400 ga yaqin xorijiy mehmonlar hamda 1300 nafar mahalliy ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.
Ushbu festival davomida xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, jumladan, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, fotosuratlar namoyishi hamda yarmarkalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tadbir doirasida “Maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tadi.
Shu o‘rinda maqom haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Maqom (arab. – joy, makon, o‘rin) – musulmon Sharqi musiqasida asosiy tushunchalardan biri. Dastlab muayyan balandlikdagi tovushni hosil etish uchun torli cholg‘uning dastasida barmoq bilan bosiladigan joy, parda ma’nosida ishlatilgan. Keyinchalik Sharq musiqa nazariyasi rivojlanishi jarayonida maqomning mazmun doirasi tobora kengayib, bir-biriga nisbatan bog‘liq boshqa ma’nolarni ham anglata boshladi. Muayyan pardalar zaminida vujudga kelgan kuy-ohanglar, shakl, janr, bir qismli yoki turkumli cholg‘u va ashula yo‘llari, musiqiy uslublarga oid nazariy va musiqiy-estetik masalalar olimlarning musiqiy risolalarida tadqiq etilgan.
Yaqin va O‘rta Sharq mumtoz musiqa nazariyasida XIII asrga qadar maqomlar soni aniq belgilanmagan bo‘lib, Safiuddin al-Urmaviy maqom nomlaridagi parda tuzilmalarini ilmiy tasniflab, “O‘n ikki maqom” tizimini ishlab chiqqan. Ushbu tizim birmuncha takomillashtirilgan holda qariyb XVII asrga qadar qo‘llanib kelingan. O‘n ikki maqom negizida keyinchalik har xil milliy hamda mintaqaviy maqom turlari va turkumlari vujudga keldi. Bular o‘zbek va tojik xalqlarida maqom deyilsa, turkman va uyg‘urlarda muqom, eron, ozarbayjon va arman xalqlarida murom yoki dastgoh, turklarda makam, arab xalqlarida maqam shaklida talaffuz qilinadi.
Xalqchil, milliy-mahalliy an’analar ta’siri ostida maqomlarning musiqiy va ijro xususiyatlari yangi jihatlar bilan boyigan. Ularning umumiy soni, nomlanishi, tartibi hamda tuzilishida muayyan mushtaraklik va tafovutlar mavjud. Bugungi kunga kelib maqomlar o‘z salmog‘i va mazmuni bilan ko‘pgina Sharq (musulmon) xalqlari musiqa merosining asosiy qismini tashkil etadi. Ular shakl va uslub jihatidan rang-barang, ohangdor kuy va qo‘shiq yo‘llaridan iborat. Xususan, o‘zbek mumtoz musiqasida Buxoro shashmaqomi, Xorazm, Samarqand maqomlari, Farg‘ona – Toshkent maqom yo‘llari, shuningdek, yovvoyi maqom, surnay, dutor maqom yo‘llari yuzaga kelgan. Milliy musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etgan maqom nomidagi cholg‘u va aytim musiqa asarlari o‘tmish bastakorlik ijodiyotining mumtoz mahsuli bo‘lib, asrlar davomida og‘zaki an’anada sayqal topib bizgacha yetib kelgan. XX asrning boshlaridan shu kunga qadar o‘zbek bastakor va kompozitorlari maqomlardan unumli foydalanib kelmoqda.
Ko‘hna maqom san’ati o‘zining barkamol badiiy-estetik ahamiyatini tiklab, zamonaviy musiqiy jarayonning ajralmas tarkibiy qismi sifatida o‘zining beqiyos ijodiy, ijro va ilmiy salohiyatini namoyon etmoqda.
Iqboloy Umarova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Jizzax viloyati bo‘limi rahbari
O‘zA