Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda ham bunday toifadiga odamlar soni kam emas. Nogironlarga qulay sharoit yaratish, ularga ta’lim berish, munosib ish o‘rinlar bilan ta’minlash masalasi nihoyatda dolzarbdir.
Nogironning hayoti sog‘lom odamning hayotidan tubdan farq qiladi.
Xususan, ular ta’lim olishda muayyan muammolarga duch kelishmoqda. Nogironlar uchun ish topish ancha qiyin, chunki aksariyat hollarda ular mehnatga layoqatli odamning ishini bajara olmaydi. Afsuski, bu toifadagi odamlar jamiyat tomonidan yaratilan to‘siqlarga ham duch kelishadi.
Shularni inobatga olgan holda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘siqsiz muhit yaratish, jamiyatning to‘laqonli a’zosi qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Masalan, ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (bdjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda.
Bunda, 2022 yilda mingga yaqin ish beruvchilarga 1 805 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun subsidiya ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning 1 sentyabr holatiga 659 ta ish beruvchilarga 1 412 nafar nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun 6 oygacha BHM 1,5 baravari miqdorida subsidiya berildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab quvvatlash maqsadida, nogironlik pensiya va nafaqalarning eng kami miqdori 747,0 ming so‘mga yetkazilib, 2017 yilning yil boshiga nisbatan 5,1 baravarga o‘sgan.
Bugungi kunda ushbu nafaqa miqdori 568 ming so‘mni tashkil etmoqda. Uning joriy etilishi natijasida, 64 mingga yaqin oilalarga parvarishlash nafaqasi to‘lab beriladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda ish staji va ish hakilarini inobatga olgan holda har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqilmoqda.
Natijada, 2023 yilda 75 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib o‘rtacha 300 ming so‘mgacha oshdi.
Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib boragan 43 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yiliga qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 275 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
Mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-e’tiborda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning yangilangan konstitutsiyasida ijtimoiy adolat tamoyili muhrlab qo‘yildi. Demak, endilikda ijtimoiy adolatni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Bu esa o‘z navbatda nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish imkoniyatini beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA