Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi uchun yangi imkoniyatlar
Toshkent viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni keng ommalashtirish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Inson uchun” ko‘rgazma-savdosi o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida Toshkent viloyati hokimligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Savdo-sanoat palatasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur loyiha nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash, ularning mehnat salohiyati va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma-savdo orqali ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni keng jamoatchilikka tanitish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar uchun xaridorlar topish va bandlik imkoniyatlarini kengaytirishga sharoit yaratilmoqda. Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z mehnati orqali daromad topishi, iqtisodiy faolligini oshirishi va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma-savdoda viloyatning 22 ta tuman va shahrida faoliyat yuritayotgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlagan 20 nafardan ortiq tadbirkor 100 dan ziyod turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga, hunarmandchilik, mebelsozlik, tikuvchilik, oziq-ovqat va boshqa yo‘nalishlarda tayyorlangan mahsulotlar namoyish etildi.

Shuningdek, tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan tashkilot va fuqarolar uchun shartnomalar tuzish, namoyish etilayotgan mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatlari ham yaratildi.
A.Musayev,O‘zA