Nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishi uchun soliq imtiyozlari joriy etildi
Qonun (O‘RQ–1129-son, 17.04.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, farzandlari xususiy maktab yoki bog‘chaga boradigan 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.
Shuningdek, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar ozod qilinishi ko‘rsatildi.
“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Inson” markazlarining talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga ro‘yxati taqdim etilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlar ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.
O‘zA