Nogironlar uchun nodir imkoniyat
Bugungi kunda yurtimizda sog‘lom inklyuziv muhitni yaratishga jiddiy yondashilmoqda. Xalqaro standartlar asosida loyihalar ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Vaqtincha yoki umrbod nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy yakkalanib qolmasligi maqsadida ularning harakatlanishi, ta’lim olishi va mehnat faoliyatini olib borishi uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi jamoatchilikka taqdim etildi.
“Transport to‘g‘risida”gi mazkur qonun loyihasi amalda nafaqat aholining ko‘pchiligi, balki ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlar manfaatlarini ham hisobga olgan holda inklyuziv va xavfsiz transport tizimini shakllantirish uchun poydevor yaratadi.
Unga ko‘ra, avtobuslar va boshqa shahar transporti salonlari xavfsiz tushish va chiqishni ta’minlashi, bekatlar va tushib-chiqish hududlari panduslar hamda tutqichlar bilan jihozlanishi majburiy etib belgilanadi.
Inklyuziv me’yorlar infratuzilmani loyihalash va qurish bosqichidanoq inobatga olinib, mazkur talablarning ijrosi ustidan nazorat Transport vazirligi zimmasiga yuklanadi.
Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, turli mamlakatlarda aholining 15 foizigacha bo‘lgan qismi vaqtinchalik yoki doimiy harakatlanish cheklovlariga duch keladi. Qulay va ochiq transport mavjud bo‘lmasa, bunday odamlar amalda ijtimoiy va iqtisodiy hayotdan chetda qolib ketadi. Bu esa masalaning naqadar dolzarbligidan dalolat.
Ta’kidlash joizki, inklyuziv transport — bu faqat inson huquqlari masalasi emas, balki ta’lim va mehnat bozoriga kirish imkoniyati, ijtimoiy yakkalanishning kamayishi, iqtisodiy faollikning oshishi demak.
Ko‘plab davlatlarda bunday me’yorlar allaqachon joriy etilgan. Masalan, Yevropa Ittifoqida barcha yangi avtobuslar past polli bo‘lishi va panduslar bilan jihozlanishi, bekatlar esa nogironlar aravachalari uchun moslashtirilishi shart.
Buyuk Britaniyada nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortganlik uchun tashuvchilar javobgar hisoblanadi. Yaponiyada bekatlar va shahar transporti taktil plitkalar, liftlar va vizual ko‘rsatkichlar bilan jihozlangan.
Janubiy Koreyada esa ovozli va raqamli yordamchilarga ega “aqlli bekatlar” joriy etilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda taklif etilayotgan o‘zgarishlar ham xalqaro amaliyotga mos keladi va inklyuziv shaharlar sari yo‘naltirilgan global tendensiyani aks ettiradi.
Mazkur qonun loyihasi shahar yo‘nalishli taksilarga nisbatan ham aniq talablarni belgilaydi. Jumladan, avtomobilning foydalanish muddati 15 yildan oshmasligi, majburiy sug‘urta, elektron to‘lov usullaridan hamda taksometr funksiyasiga ega ilovalardan foydalanish.
Ushbu chora-tadbirlar xavfsizlikni oshirish, bozor shaffofligini ta’minlash va xizmat sifatini yaxshilashga qaratilganini e’tirof etish joiz. Ushbu loyiha qulay inklyuziv muhit yaratish yo‘nalishidagi islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, shahar transporti va infratuzilmasini moslashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Quvonarlisi, aniq va huquqiy jihatdan mustahkamlangan talablarning paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan muhim qadamdir. Mamlakatimizda ham shahar transporti endi barcha yo‘lovchilar uchun qulaylik va teng sharoitlar tamoyillariga asoslanib rivojlana boshlamoqda. Bu esa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun yana bir nodir imkoniyat bo‘ladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Sherbek Islomov,
O‘zA