Bugun, 31 may kuni Armanistonning Jermuk shahrida o‘tayotgan “Stepan Avagyan Memorial-2025” turnirining 3-tur bahslarida Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda o‘smirlar o‘rtasida turli yosh toifalarida bir necha bor Armaniston chempioni bo‘lgan Aram Akopyan bilan kuch sinashadi.
Kecha o‘tkazilgan 2-tur o‘yinlarida turnirda ishtirok etayotgan 5 ta juftlikdagi bahslarning barchasi durang bilan yakunlandi.

Hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 2-turda qora donalarda o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempioni vengriyalik Benyamin Gleduraga qarshi dona surdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning 33-yurishidan keyin tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
3-tur uchrashuvlari oldidan xitoylik Syanyuy Syuy 1,5 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda.

Keyingi pog‘onalarni band etgan 8 nafar ishtirokchi hisobida 1 ochkodan mavjud. Ular safida harakatlanayotgan N.Yoqubboyev qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 7-o‘rinni egallab turibdi.
Mukofot jamg‘armasi 19 ming 200 AQSH dollaridan iborat turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 6 iyun kuni bo‘lib o‘tadi
T.Ro‘ziyev,
O‘zA