Londondagi “Emirates Stadium” majmuasida davom etayotgan “XTX Markets London Chess Classic" turnirida yakka peshqadam bo‘lib turgan Nodirbek Abdusattorov kecha poyoniga yetgan 7-turda oq donalarda angliyalik Lyuk Maksheynni taslim etdi.
Ushbu g‘alabadan keyin ochkolari sonini 6,5 taga yetkazib olgan hamyurtimiz eng yaqin ta’qibchisi fransiyalik Alireza Firuzjani 2 ochkoga ortda qoldirgan holda g‘oliblik ostonasiga yaqinlashmoqda.
Bugun, 3 dekabr musobaqa nizomiga muvofiq ishtirokchilar uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.

Ertaga, 4 dekabr kuni o‘tadigan 8-turda mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Alireza Firuzja bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, Nodirbek turnirning ilk turida angliyalik Gaveyn Maroroa Jons bilan murosaga kelgan edi. Shundan so‘ng o‘tgan 6 ta turda raqiblarini mag‘lub etdi. Xususan, AQSH vakili Abximanyu Mishra, Angliya sharafini himoya qilayotgan rossiyalik Nikita Vityugov, Buyuk Britaniya chempioni Maykl Adams, AQSH chempioni Sem Shenklend va angliyalik Lyuk Maksheynni dog‘da qoldirdi.
Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingdan iborat turnir 5 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA