Nodir metallar eksporti hajmi oshmoqda
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning yil sayin eksport va ishlab chiqarish salohiyati yuksalib bormoqda.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning yil sayin eksport va ishlab chiqarish salohiyati yuksalib bormoqda.
Ayni koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitda ham kombinatning belgilangan ishlab chiqarish va eksport rejalarini ortigʻi bilan bajarishda Nodir metallar va qattiq qotishmalarni ishlab chiqarish korxonasining oʻz oʻrni bor, albatta.
Maʼlumotlarga koʻra, kombinat tarkibidagi mazkur korxonaning oʻsish surʼati 107 foizni tashkil etmoqda. Bugungi kunda zavodda mingdan ziyod mahsulot turi ishlab chiqarilgani holda eksport rejasi 107 foizdan ziyodga uddalanmoqda.
Xususan, mazkur sanoat korxonasining 99 foiz mahsuloti Yevropa, Janubiy Amerika mamlakatlari, Rossiya va Kanada kabi davlatlarga eksport qilinyapti. Shuningdek, yaqindan boshlab Janubiy Koreyaga molibden tuzlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Kombinat axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, yil boshida 31 turdagi qariyb 55 milliard soʻmlik mahsulot mahalliylashtirilishi koʻzda tutilgan edi. Bugungi kunga kelib 40 milliard soʻmlik mahsulot mahalliylashtirildi. Shuningdek, zavodda keramik mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha ishlar ham jadallik bilan rivojlanmoqda. Ahamiyatlisi, soha boʻyicha avvallari import qilinayotgan baʼzi mahsulotlar endi zavodning oʻzida ishlab chiqarilmoqda.
Dunyodagi ogʻir pandemiya sharoitiga qaramay faoliyati uzluksiz davom etib kelayotgan mazkur korxonaning kukun, shtabiklar koʻrinishidagi volfram va molibden mahsulotlari, turli kesimlardagi simlar, molibdenli aylanali va silliq prokat, qattiq metallarning qotishmalari, kukunli metallurgiya uslubida olinadigan volfram, molibden va reniyning monokristallari kabi mahsulotlari ham ichki, ham tashqi bozorda talabgir mahsulotlar sanaladi.