Guliston shahridagi “Intellekt” maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda aynan shu savolga javob izlandi. Maqsad nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) faoliyatini huquqiy va metodik jihatdan takomillashtirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularga yechim taklif qilishdan iborat bo‘ldi.
Bugungi kunda xususiy bog‘chalar soni ortib bormoqda. Lekin ular faoliyati qanday nazorat qilinadi? Ta’lim sifati qanday baholanmoqda? Ota-onalar ishonchi qanday ta’minlanadi?

Ana shunday dolzarb savollar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassislari, shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashi a’zolari, “Adolat” SDP mahalliy yetakchilari, nodavlat MTT rahbarlari va pedagoglar ishtirok etdi.

Seminarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash va monitoring qilish, pedagog kadrlar bilan ishlash va ularning malakasini oshirish, gigiyena, ovqatlanish va xavfsizlik qoidalariga rioya etish, ota-onalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlari kabi beshta muhim masala atroflicha muhokama qilindi.

– Nodavlat bog‘chalar sonining ko‘payishi ijobiy holat, — deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish shu’basi bosh mutaxassisi Shavkat Ayxunboyev. – Biroq, har bir muassasa litsenziya talablariga to‘liq javob berishi lozim. Monitoring faqat tekshirish emas, balki amaliy yordam berish, muammolarni birgalikda hal etish vositasiga aylanishi kerak. Chunki ushbu xizmat turi orqali ta’lim sifatini oshirish va qamrovini kengaytirish mumkin. Bu ham davlat, ham xususiy sektor uchun manfaatli. Biri infratuzilmani yaxshilasa, ikkinchisi qonuniy asos va qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘ladi.

Seminar doirasida “Intellekt” davlat-xususiy sheriklikdagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti namunaviy muassasa sifatida tanishtirildi. Mehmonlar muassasada yaratilgan ta’lim muhiti, o‘quv-tarbiya dasturlari va innovatsion yondashuvlar bilan amaliy ko‘rgazmalar orqali tanishishdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar asosida nodavlat MTTlar faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa sohada yagona mezonlarni belgilash, sifatni nazorat qilish va samaradorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri