Navoiy shahridagi “NKMK tarixi” muzeyida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi, yutuq va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
bugungi kunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida har bir yo‘nalish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kombinatda atmosfera havosi, suv-yer resurslari va bioxilma-xillikni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
– Kombinatning barcha ishlab chiqarish korxonalariga 95-99 foiz ifloslantiruvchi moddalarni ushlab qoluvchi zamonaviy filtrlar, chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgani atmosfera ifloslanishining oldini olishga xizmat qilmoqda, – deydi jamiyatning Atrof-muhitni muhofaza qilish muhandisi Jo‘rabek Jumayev. – Birgina 3-gidrometallurgiya zavodi maydalash sexiga tozalash samaradorligi yuqori bo‘lgan 3 ta qo‘shimcha chang-gaz qurilmalari qurilgani 62 tonna zararli chang-gazlarni ushlab qolish imkonini berdi. Ayni paytda 2-, 4-, 5-gidrometallurgiya zavodlari, “Marjonbuloq” oltin ajratish fabrikasi chiqindi ombori, shuningdek, barcha shaxta, karerlarda ishlatilgan oqova suvlari tozalash inshootlarida qayta tozalanib, ishlab chiqarishda foydalanmoqda. 2021 yilda 100 million metr kub texnik suvning 18 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, joriy yilda esa 134,3 million metr kub texnik suvni qayta ishlash hajmini 34 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Kombinatda energiyani iqtisod qilish maqsadida, bo‘linmalarda issiq suv ta’minoti uchun 260 ta gelio quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatildi.
Kombinat faoliyati davomida qariyb 37 ming gektar yer melioratsiya qilingan bo‘lsa, 2020 yilda 977 gektar, 2021 yilda 307,9 gektar yer rekultivatsiya qilindi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Shimoliy va Janubiy kon boshqarmalarida yaroqsiz avtomobil shinalarini piroliz yo‘li bilan qayta ishlash qurilmalari joriy etilgan. Yaroqsiz shinalarni qayta ishlash natijasida piroliz yoqilg‘isi, metallolom hamda texnik uglerod ikkilamchi mahsulot olinmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida so‘nggi yillarda 122,7 gektar maydonga 168,2 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 2020 va 2022 yillarda ekologik aksiya doirasida esa kombinat yoshlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida Orol dengizining qurigan qismida 120 ming tupdan ortiq saksovul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Matbuot anjumanida korxona mutasaddilari OAV vakillarining savollariga atroflicha javoblar berdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA