Ninbo-2026: “Yashil taraqqiyot” forumi mintaqaviy hamkorlikka yangicha ruh baxsh etmoqda
Xitoy Xalq Respublikasi Chjetszyan viloyatidagi Ninbo shahri shu kunlarda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida tashkil qilingan “Yashil va barqaror taraqqiyot” forumiga mezbonlik qilmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro anjuman ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
SHHT huzuridagi Qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik komissiyasi, Xitoy Ekologiya va atrof-muhit vazirligi hamda Chjetszyan muzofoti xalq hukumati hamkorligida tashkil etilgan forumda 300 dan ziyod ishtirokchi – SHHTga a’zo davlatlar rasmiylari, ekologik idoralar vakillari, diplomatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes doiralari, ilmiy jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

Bu yil Chin diyorida SHHTning xalq diplomatiyasi yo‘nalishidagi ilk tadbiri sifatida mazkur anjuman “yashil taraqqiyot” sohasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Dasturida ochilish marosimi, asosiy tadbir va uch sho‘’ba yig‘ilishi belgilangan ushbu tadbirda global barqarorlik uchun yashil hamkorlik, inklyuziv boshqaruv asosida bio xilma-xillikni muhofaza qilish, “yashil transformatsiya” uchun texnologik innovatsiyalar singari muhim mavzular muhokama qilinadi.

Munozara doirasida iqlimni boshqarish, sanoatda zararli chiqindi miqdorini kamaytirish, ekologiya siyosatini muvofiqlashtirish hamda “yashil texnologiya”ga tayangan energetikani shakklantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Forum yakunida qabul qilinishi rejalashtirilgan “SHHT barqaror taraqqiyot bo‘yicha Ninbo tashabbusi” a’zo davlatlar o‘rtasida keng qamrovli hamfikrlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bolalar ijodiy ishlari ko‘rgazmasi va mavzuli ekspozitsiya orqali “yashil kelajak” haqidagi umumiy qarash ilgari suriladi. Shuningdek, mehmonlar mintaqaning ekologik taraqqiyot va modernizatsiya sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Umuman, Ninbo forumi nafaqat muloqot maydoni, balki “yashil taraqqiyot” g‘oyasini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan qulay platforma sifatida xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Ninbo, Xitoy