Nima uchun Bektemir tumanida 103 mashinalari kam?
Shu kunlarda qaysi bir tanishim yoki dugonamga qo‘ng‘iroq qilsam, betobligi, shamollash tufayli davolanayotganini aytadi. Buni qarangki virus balosi o‘zimning oilamga ham kirib keldi.
Dam olish kuni soppa-sog‘ yurgan qizimni birdan issig‘i 40 gradusga ko‘tarildi. Issig‘ini tushirishga harchand urinmayin, uddasidan chiqolmadim. Oxiri 103 «Tez tibbiy yordam»ga qo‘ng‘iroq qildim. Qo‘ng‘irog‘imga 59 abonent javob berdi va Bektemir tumanidagi tibbiy xizmat mashinasiga xabar yuborganini aytdi. Oradan yarim soat vaqt o‘tgach, yana qo‘ng‘iroq qildim, xabarimiz qabul qilinganini tez orada mashina borib qolishini bildirishdi. Bir soat ichida 7 marta qo‘ng‘iroq qilib, oxiri 9- abonent bilan biroz tortishib ham oldik. 9- abonent «Opa, asabiylashmang, xabaringizni hali brigadaga yubormadik, chunki tumanga 4 mashina ajratilgan, ulgurishmayapti», degach tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. Nihoyat, Tez tibbiy yordamdan qo‘ng‘iroq qilib Mirobod tumanidan yordamga mashina olishganini aytishdi. Uyga kelgan shifokor yigit ayni kunlarda bir sutkada 5 ming nafarga yaqin murojaat tushayotganini, tibbiyot mashinalari odamlarning uylariga yetib borishga ulgurmayotganini aytdi.
Voqeaning sababini bilish maqsadida tuman ko‘p tarmoqli shifoxona mutasaddilariga murojaat qildik.
– Xo‘sh, aslida muammoning tub ildizi qayerda?
– Ilgari bizda aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muammo bo‘lmagan, – deydi bosh shifokor o‘rinbosari Manzura Umaraliyeva. — Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq hamda O‘rta Chirchiq tumanidan 26 mingga yaqin aholi Bektemir tumani hududiga o‘tkazilganligi sababli biz bemorlarga xizmat ko‘rsatishga ulgurmayapmiz. Vaqtimiz, kuchimiz, xizmat mashinalarimiz, mutaxassislarimiz yetishmayapti.
Muammoning kelib chiqish sababi haqidaku bilib oldik, ammo "uni hal etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?" degan savolga ham imkon qadar javob izladik.
– Davlatimiz rahbarining 2018 yil 25 yanvardagi «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan shaharda yashovchi har 13 ming aholiga 1 dona avtosanitar mashina xizmat ko‘rsatishi belgilangan, – deydi Respublika shoshilinch ilmiy tekshirish markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasining Bektemir tumani 12-bo‘lim mudiri Sherzod Ro‘ziyev.
— Ilgari tuman aholisi soni 48 ming nafar bo‘lgan va 4 ta mashina xizmat ko‘rsatgan. Toshkent viloyatidagi ikkita tumandan aholi qo‘shilishi hisobiga bugungi kunda 75.300 nafardan oshdi. Undan tashqari tuman hududidagi Qo‘yliq (dehqon hamda ulgurji, qurilish mollari, kiyim-kechak) bozori va Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatiga odamlarni tashishi uchun avtoturargohlardagi (vodiy pitak) haydovchilarga ham xizmat ko‘rsatishimizni hisobga oladigan bo‘lsak, Bektemirda bugungi kunda 100 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri kelyapti. Aholining ko‘pini doimiy yashash manzili yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bemor bizni chaqirdimi, tezlik bilan borib, yordam ko‘rsatishga majburmiz.
Tumanimiz hududida shifoxona yo‘qligi sababli kasallarni boshqa tumanga olib borishga to‘g‘ri keladi. Bu ham kamida 2-3 soat vaqt oladi, bizga ishlashda noqulaylik tug‘diradi.
Hozir odamlar orasida virus kasalliklari kuchaygan payt. Chaqiruvlar haddan ziyod ko‘p. Har kuni odamlardan gap eshitish bizning sog‘lig‘imizga ham ta’sir qilyapti. Bu muammo tezlik bilan yechilishi kerak. Bektemir tumani hokimligi shahar statistika markaziga tezlik bilan aholining ro‘yxatini berishi zarur. Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qarab, aholiga tibbiy yordam mashinalari ajratiladi.
Hozir aholi soni o‘sganini inobatga olib kamida bizga 6-7 ta mashina berilishi shart.
Mas’ullarning kuyinishida jon bor albatta. Muammoning asl sababi nimada ekanidan bexabar odamlar kechikib kelayotgan tez tibbiy yordam mashinalaridan norozi. Xalqimizda bir maqol bor. "Tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zadi". Na iloj, bektemirlik mas’ullar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tuyaga aylanishga majbur. Biz esa tez fursatlarda ushbu muammoga yechim topilishiga umid qilamiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA