Nikoh shartnomasi – mulk huquqi kafolati
Xalqimizda «Hisobli do‘st ayrilmas», degan purma’no hikmat bor. Bu maqolni er-xotinga ham tatbiq etilsa, turmush barqaror bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘p hollarda oilada buyum, mulk bo‘yicha ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi.
Oila quruvchilar o‘rtasida tuziladigan nikoh shartnomasi esa er-xotinning mulkiy huquqlari kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Oila kodeksining «Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi» deb nomlangan bobida «Nikoh shartnomasi» tushunchasi ham bor.
Unga ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslarning yoki er-xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi, deb hisoblanadi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanadi.
Nikoh shartnomasi rivojlangan xorijiy davlatlarda nikohni qayd etishning uzviy davomiga aylangan.
Har jihatdan rivojlanayotgan, er ham, ayol ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va boshqa katta loyihalar ustida ishlayotgan jamiyatda esa bu huquqiy hujjatning ahamiyatini tushuntirish zarurati bor. Shundan kelib chiqib mamlakatimizda «Nikoh shartnomasi – mulk huquqi kafolati» shiori ostida aksiya o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Notarial palatasi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati tashabbusi bilan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Yoshlar ishlari agentligi ishtirokida tashkil etilgan mazkur tadbir 16-17 avgust kunlari yurtimizning o‘nta hududida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti bilan qo‘llab-quvvatlangan.
Notarial palata matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, aksiya Farg‘ona shahridagi «Baxt uyi»da o‘z tadbirlarini boshladi. Dastlabki daqiqalaridanoq shahar aholisi tadbirga katta qiziqish bildirgan. Fuqarolar, ayniqsa, yosh kelin-kuyovlardan mutaxassislarga ko‘plab savollar tushmoqda. Ularning savollariga O‘zbekiston Notarial palatasi xodimlari hamda notariuslar javob bermoqda.
Tadbir davomida hamkor tashkilotlar mas’ul xodimlari bilan birgalikda nikoh shartnomasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
«Nikoh shartnomasi - mulk huquqi kafolati» shiori ostida ijtimoiy aksiya Qarshi shahridagi Islom Karimov nomli ko‘chada joylashgan notarial idora binosida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Notarial idoraga tashrif buyuruvchilar uchun maxsus «Maslahat burchagi» tayyorlangan. Notariusga nikoh shartnomasi tuzish uchun tashrif buyurgan ikki juftlikka shartnoma tuzilib, tasdiqlab berilgan.
Aksiya davom etmoqda. Nikoh shartnomasi bo‘yicha sizda savollar bo‘lsa O‘zbekiston Notarial palatasiga hamda yashash joyingizga yaqin notarial idoralarga murojaat qiling.
N.Abduraimova, O‘zA