Nikoh shartnomasi — ajrashish sari qo‘yilgan qadammi?
Oila qurish arafasidagi yoshlar nikohni rasmiylashtirish uchun FHDYO bo‘limlariga ariza bilan murojaat qilar ekan, mudiraning “Nikoh shartnomasini tuzasizlarmi?”, degan savolidan ikkilanishlari haqida ko‘p bor eshitganmiz.
Tan olish kerak, aksar holatda bu kabi savollarga: “Nima deyapsiz? Biz yaxshi niyatda bu yerga keldik. Ajrashish niyatimiz yo‘q”, degan javoblar beriladi. Aslida ham shundaymi? Nikoh shartnomasini imzolash tomonlarning ajrashishga bo‘lgan ijobiy munosabatini anglatadimi?
Buxoro viloyati Shofirkon tumani FHDYO bo‘limi mudirasi Sohiba G‘OYIPOVA ushbu mavzu yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Hayot ostonasida turgan yoshlarga oilaning muqaddasligi, har ikki tomon zimmasida mas’uliyat borligini tushuntiramiz. Nikoh shartnomasini tuzishdan maqsad, uning afzal jihatlari va imkoniyatlari haqida ma’lumot beramiz. Shunga qaramasdan nikoh shartnomasini tuzish istagidagi yoshlar soni ko‘p emas.
Buning birinchi sababi, o‘zbekona andisha bo‘lsa, ikkinchisi, yoshlarning mustaqil hayot kechirishga tayyor bo‘lmay turmush qurishlaridir.
Tabiiyki, bu paytda ko‘pchilik ota-onasining qaramog‘ida, shaxsiy mulki hali shakllanmagan bo‘ladi. Demakki, yoshlar shartnomaning nechog‘li ahamiyatga ega ekanini tasavvur qila olmaydi va uni ajrashish sari birinchi qadam, deb o‘ylashadi. Aslida, nikoh shartnomasi shaxslarning yoki er-xotinning nikoh davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilab beradi. Shartnomaga ko‘ra, har ikki tomon mulkka egalik qilishning birgalikdagi ulushli hamda alohida tartibini belgilab olishi mumkin. Uni tuzishga beparvo bo‘lganlar esa taqdir taqozosi bilan muammolarga duch keladi.
Yaqinda bir ayol shunday holatga tushgani haqida aytib berdi:
– Turmush o‘rtog‘im birinchi nikohidan ajrashgach, uyi hamda mashinasini birinchi xotiniga qoldirib, men bilan turmush qurdi. Bu voqeaga o‘ttiz yildan oshdi, – deydi ayol. – Shu vaqt mobaynida farzandli bo‘ldik, uy qurib, orzu-havas bilan mashinalik ham bo‘ldik. Lekin turmush o‘rtog‘im baxtsiz tasodif tufayli avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Shundan so‘ng birinchi nikohlaridan bo‘lgan farzandlari merosdan – biz yashab turgan uy hamda mashinadan o‘z hissasini undirish maqsadida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Tang ahvolda qoldim...
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida yoshlarni nikoh sharnomasini tuzishga undaymiz.
Faoliyatimiz davomida ajrim masalasida yuzaga keladigan mulkiy nizoli holatlarga ham duch kelamiz. Ba’zida tomonlar umumiy mulkda ikkinchi tarafning ulushi yo‘qligini isbotlashga urinadi va o‘rtada ovoragarchilik boshlanadi. Tabiiyki, bunday paytda ish cho‘ziladi. Yaqinda oilaviy kelishmovchilik tufayli bir er-xotin nikohni bekor qilish masalasida sudga ariza bergan. Ammo o‘rtadagi qimmatbaho avtomobil janjalga sabab bo‘ldi. Ayolning aytishicha, mashinani uning ota-onasi sovg‘a qilgan, lekin hadya rasmiylashtirilmagan. Avtomobil nikoh paytida olingani uchun ikkinchi tomon unda o‘z ulushi borligini aytdi.
Qayd etish joiz, nikoh shartnomasining tuzilishi tug‘iladigan farzandlarning ham moddiy ta’minotini kafolatlaydi. Nikoh shartnomasini istagan paytda o‘zgartirish, unga yangi shart va majburiyatlar kiritish mumkin.
– Nikoh tufayli oila qo‘rg‘oni bunyod bo‘ladi, – deydi Buxoro viloyati Shofirkon tuman bosh imom xatibi Mirjon Egamberdiyev. – Ammo bu qo‘rg‘onda hali bir-birini yaxshi bilmaydigan yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ayrim kelishmovchiliklarga duch kelishi mumkin. Chunonchi, er-xotin majburiyatlari, mol-mulkda tomonlarning ulushini belgilash va tasarruf etish kishidan huquqiy bilim va madaniyat talab etadi. Ularning ijobiy yechim topishini ko‘zlagan holda qonunchiligimizda belgilangan nikoh shartnomasi dinimizda ham o‘z asoslariga ega.
Oila qurish arafasida yoshlarga nikoh qiyilar ekan, kuyov tomondan kelinga “Mahrlikka nima berasiz?” tarzida savol bilan murojaat qilinadi. Mahr bu – kuyov tomondan kelinga beriladigan sovg‘adir va u kelinning shaxsiy mulki. Bundan ko‘zlangan maqsad bo‘lajak kelinning begona oilaga kelishga rozi bo‘lganini rag‘batlantirishdir. Shuningdek, taqdir taqazosi bilan oila buzilib ketadigan bo‘lsa, mana shu mahr qizning mulki sifatida uning yashashi uchun moddiy ta’minoti hisoblanadi. Mahrning ozi o‘n dirham (bir dinorga teng), ko‘pi esa kuyovning saxovatiga bog‘liq. Lekin hozir mahrni bitta tilla uzuk berish, deb tushunadiganlar ko‘p. Ayrim holatlarda uzuk belgilangan oz miqdorga ham yetmaydi. Oqibatda arzimagan janjal sabab “Haqi bitta uzuk ekan-ku”, deb ajrashib ketayotganlar ham bor. Shu bois ota-bobolarimiz nikoh o‘qish paytida “Mahrlikka bir uy, ayvoni va sigiri bilan berish orqali xotinlikka olishga rozimisiz?”, deya murojaat qilishgan. Bu orqali kelinning manfaatlari himoyalangan va oilaviy ajrimning oldi olingan. Nikoh shartnomasini tuzishdan maqsad ham kelin va kuyovning mulkiy munosabatlarini oldindan tartibga solish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishdir.
Qonunchilikda shartnomani nikoh ro‘yxatga olinguniga qadar yoki nikoh davrida tuzish mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu shartnoma ajirim paytida mulkni taqsimlash masalasini hal etishi bilan birga, tomonlarga boshqa qator qulayliklarni ham taqdim etadi.
S.G‘oyipovaning qayd etishicha, mehnat faoliyati davomida bir oila nikoh shartnomasini tuzish masalasida murojaat qilib, oilaning har ikki a’zosi tadbirkor ekanini bildirgan. Lekin oila boshlig‘i ko‘p holatda chet el safarida bo‘lgani bois ayoli tadbirkorlik faoliyatiga doir mol-mulk oldi-sotdisida qiynalar ekan. Chunki qonunchiligimizda nikohda turgan fuqaro nomidagi mulkni sotishda ikkinchi tomonning roziligi so‘raladi. Shundan so‘ng nikoh shartnomasi tuzilib, har kim o‘zi tasarrufidagi mulkni mustaqil idora qilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Demak, nikoh shartnoma faqat ajrashayotganda mulkni taqsimlashda asqotadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri.
O‘zA