Alloh taolo inson hayotini turli tartibsizlik va kelishmovchiliklardan, harom-harishdan, iflosliklardan va ularning oqibatida kelib chiqadigan balo-ofatlardan saqlash uchun nikohga buyurgan. Oila qo‘rg‘onining poydevori, uning mustahkam qal’asi, er-xotinni mahkam bog‘lovchi rishta nikohdir.
Nikoh insonlar jamiyatida eng muqaddas bitim hisoblanadi. Chunki hayotda halol va haromni ajratish, er-xotinning haq-huquqlariga rioya etish, oila tuzish, inson naslining davomiyligini ta’minlash, yosh avlod tarbiyasi nikohga bog‘liq masalalardir.
Xo‘sh, nikoh tuzish tartibi va shartlari qanday?
Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning FHDYO organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablar bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi — emansipatsiya) FHDYO organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
Alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek FHDYO organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
Ushbu xizmatni Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin. Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.
Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Nikohni bekor qilish uchun sudda davlat boji kimdan undiriladi?
Davlat boji nikohdan ajratishni so‘rab sudga ariza topshirgan tomondan, agar er-xotin birgalikda nikohdan ajratish haqida sudga ariza yozgan bo‘lsa, o‘zaro kelishgan holda tomonlarning biridan undiriladi.Davlat boji summasi BHMning 2 baravari miqdorida, takroriy nikohni bekor qilish uchun esa BHMning 4 baravari miqdorida undiriladi.
Iroda Qahhorova,
huquqshunos