Nihoyat Sulsher jamoasi ham toʻxtatildi
Kecha Angliya Premyer-ligasida 24-tur oʻyinlariga start berildi. Seshanba oqshomida oʻtkazilgan uchrashuvlar Manchester shahri jamoalari uchun omadsiz keldi.
Kecha Angliya Premyer-ligasida 24-tur oʻyinlariga start berildi. Seshanba oqshomida oʻtkazilgan uchrashuvlar Manchester shahri jamoalari uchun omadsiz keldi.
Jumladan, mamlakatning amaldagi chempioni “Manchester Siti” safarda “Nyukasl”ga imkoniyatni boy berdi. Xolbuki, oʻyinning 1-daqiqasida “shaharliklar” hujumchisi Serxio Aguero mezbonlar darvozasini ishgʻol etib, “Siti”ni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ammo tanaffusdan keyin Rafael Benites shogirdlari oʻyinning borishini butunlay oʻzgartirib yuborishdi. Avvaliga Rondon hisobni tenglashtirgan boʻlsa, 80-daqiqada Ritchi penaltini aniq bajarib, “Nyukasl”ning gʻalabasini taʼminladi.
Taʼkidlash joiz, bu Gvardiolaning Premyer-ligadagi yubiley yuzinchi uchrashuvi edi. Ammo Benites “Man. Siti” ustozining bayram kayfiyatini buzdi. Eʼtiborlisi, “qargʻalar” ustozi oʻz vaqtida Joze Mourinoning yubiley yuzinchi oʻyinida ham raqibini magʻlub etgandi. Oʻshanda Rafael Benites “Liverpul” jamoasini boshqargan boʻlsa, Mourino “Chelsi”da bosh murabbiy edi.
Hamshaharlarining magʻlubiyati “Manchester Yunayted”ga ham taʼsir qilgan koʻrinadi chogʻi shu kungacha ketma-ket sakkiz oʻyinda gʻalaba qozongan “qizil iblislar” bu safar oʻz uyida kamtarin “Byornli” jamoasiga qarshi kechgan bahsda durang qayd etishdi. Ole Gunnar Sulsher shogirdlari magʻlubiyatdan qutilib qolishganiga xursand boʻlishsa arziydi, negaki oʻyinning 81-daqiqasiga kelib mehmonlar 0-2 hisobida oldinga chiqib olishgandi. Lekin mezbonlar Pol Pogba va Viktor Lindelyoflarning aniq zarbalari evaziga vaziyatni tenglashtirdi. Shu tariqa “MYU”ning gʻalabali odimi toʻxtatildi.
Qolgan oʻyinlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
“Vulverxempton” – “Vest Xem” – 3:0
“Xaddersfild” – “Everton” – 0:1
“Fulxem” – “Brayton” – 4:2
“Arsenal” – “Kardiff” – 2:1
Bugun “Chelsi” safarda “Bornmut” bilan kuch sinashsa, “Tottenxem” oʻz uyida “Uotford” jamoasini qabul qiladi. Chempionat peshqadami “Liverpul” esa “Lester”ga qarshi maydonga tushadi.