Niginaning ishonchli g‘alabasi
Poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi “Toshkent open – 2015” xalqaro turnirini hamyurtimiz Nigina Abduraimova g‘alaba bilan boshladi.
Poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi “Toshkent open – 2015” xalqaro turnirini hamyurtimiz Nigina Abduraimova g‘alaba bilan boshladi.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida davom etayotgan nufuzli turnirning yakkaliklar bahsida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan N.Abduraimova birinchi davrada xorvatiyalik Petra Martichga qarshi kortga chiqib, 6:4, 6:0 hisobida zafar quchdi.
Turnirning ikkinchi davrasida Nigina shvetsiyalik Yoxanna Larssonga qarshi kortga chiqadi.
– Petra bilan ilk marotaba bahslashgan bo‘lsam-da, uning o‘yinlarini muntazam kuzatib boraman, – deydi N.Abduraimova. – U o‘ziga xos o‘yin uslubiga ega. Bunday mahoratli tennischini mag‘lubiyatga uchratganimdan xursandman. Meni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Shuningdek, slovakiyalik Yana Chepalova, xorvatiyalik Donna Vekich, serbiyalik Boyana Yovanovski, Aleksandra Krunich, Katerina Kozlova, qozog‘istonlik Yaroslava Shvedova, rossiyalik Yevgeniya Rodina, Margarita Gasparyan, chexiyalik Katerina Sinyakova, shvetsiyalik Yoxanna Larsson, germaniyalik Anika Bek, Karina Vittyoft, Anna Fridzam birinchi davrada g‘alaba qozondi.
Musobaqaning juftlik uchrashuvlarida hamyurtimiz Vlada Yekshibarova hamda rossiyalik Angelina Gabuyeva juftligi Arina Fols va Sabina Sharipovani 6:3, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.