Nigina Abduraimova Qozonda chempion bo‘ldi
Qozon shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan tennis musobaqasida hamyurtimiz Nigina Abduraimova ikki sovrinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning yakkalik bahslari finalida mezbonlar vakili Polina Kudermetovaga qarshi kortga chiqqan Nigina 5:7, 6:3, 4:6 hisoblarida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va turnirning vitse-chempioniga aylandi.
Juftlik bahslarida esa N.Abduraimova hamda rossiyalik Yekaterina Reyngold tandemi so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida rus tennischilari Aleksandra Pospelova va Yekaterina Maklakovani 6:2, 6:7, 12:10 hisobida mag‘lubiyatga uchratib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng Nigina Abduraimova musobaqa haqidagi taassurotlari va oldindagi rejalari haqida fikr bildirdi.
– Hafta davomida keskin va murosasiz bahslarda ishtirok etib, o‘z mahoratimni oshirdim. Bilasiz, tennisda bir sportchi ikki yo‘nalishda ishtirok etishi mumkin. Ushbu imkoniyatdan foyladalib ham yakkalik ham juftlik bahslarida ishtirok etdim. Albatta, bunday musobaqalarda ko‘proq o‘yin o‘tkazib o‘z tajribamni oshirishga ahamiyat qarataman. Mazkur musobaqada yakkalik bahslarida bosh sovrinni qo‘lga kiritishim mumkin edi, afsuski, biroz omad yetishmadi. Shunday bo‘lsa-da, juftlik bahslarida sherigim bilan g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldim. Musobaqa tashkilotchilaridan minnatdorman, barchasi a’lo darajada tashkillashtirildi. Joriy mavsum men uchun omadli o‘tmoqda. Rossiya va Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro turnirlarda zafar quchdim. Kelgusida imkon qadar ko‘proq musobaqalarda ishtirok etib, reytingdagi o‘rnimni yuqorilash maqsadidaman va “WTA” turnirlarida ishtirok etishni rejalashtiryapman.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA