Afrikaning eng gavjum mamlakati – Nigeriyada oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammo tufayli “milliy favqulodda holat” e’lon qilindi. Mazkur qaror Prezident Bola Ahmad Tinubu tomonidan Abujada “Afrikada irrigatsiyani rivojlantirish va suv xo‘jaligi inqirozini hal
qilish” shiori ostida tashkil etilgan 6-Afrika mintaqaviy konferensiyasi ochilishida aytildi.
Yetakchi ma’ruzasida jamoatchilikni infratuzilma va boshqaruv tizimini takomillashtirishga chaqirib, anjuman qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ham ta’kidladi.
– Afrika o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishda hamon jiddiy muammolarga duch kelmoqda, – dedi Tinubu. – Moliya cheklangani, infratizim qoloqligi, iqlim o‘zgarishi va boshqaruvdagi muammolar bu boradagi asosiy to‘siqlardir. Konferensiya mazkur masalalarga yechim topish uchun yaxshi imkoniyat. Masalan, Nigeriya sug‘orish tizimini rivojlantirishda keng imkoniyatga ega. Niger va Benue kabi yirik daryolarimiz oqimida 3,1 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yer mavjud.
Nigeriya rahbari suv va qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion strategiya qabul qilish zarurligini ham eslatdi.
M. Pirmatova, O‘zA