Kecha Niger g‘arbida, Mali chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yuzlab terrorchilar 34 nafar nigerlik askarni o‘ldirdi, deya xabar bermoqda “France 24” nashri.
Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum Tillaberi provinsiyasining Banibangu tumanida sodir bo‘lgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy bazaga hujum qilgan terrorchilarning shaxsi hozircha aniqlanmagan.
– 19 iyun kuni bir necha yuz yollanma askarlardan iborat to‘da sakkizta mashina va 200 dan ortiq mototsiklda kelib Banibangu tumaniga vahshiyona hujum uyushtirdi, - deyiladi vazirlik bayonotida. – Harbiylar va hujumchilar o‘rtasidagi jangda 34 askar halok bo‘ldi, 14 nafari yaralandi.
Bayonotda hujumchilarning ko‘pchiligi yo‘q qilingani, biroq hech bir guruh hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagani ta’kidlangan.
Vazirlik shuningdek, tumanga qo‘shimcha kuch yuborganini va hujumchilarni topish uchun quruqlik va havo orqali qidiruv ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Harbiy xuntalar tomonidan boshqariladigan Niger va Mali davlatlari so‘nggi haftalarda kuchayib borayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun qattiq kurashmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA