Nigerda ikki avtobus to‘qnashdi
Niger g‘arbidagi Maradi – Madaua avtomobil yo‘lida, shahar chegarasidan taxminan 55 kilometr masofada ikki yo‘lovchi avtobus to‘qnashib ketishi natijasida mudhish hodisa sodir bo‘ldi.
Sinxua va Niger matbuot agentligi (ANP) xabariga ko‘ra, kamida 21 kishi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan, 37 yo‘lovchi turli darajada tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Manbalar qayd etishicha, bir avtobusda harbiy xizmatchilar bo‘lgan.
Hozir huquq-tartibot idoralari tomonidan fojia sababini aniqlash maqsadida surishtiruv va tergov harakati olib borilyapti. Ushbu noxush voqea hukumat yo‘llarda xavfsizlik qoidasini targ‘ib qilish va fojianing oldini olish bo‘yicha keng qamrovli kampaniyani kuchaytirgan bir paytda yuz berdi. Nigerda tezlikni me’yordan oshirish, transport vositasini mast holda boshqarish, shuningdek yo‘l infratuzilmasi va texnika nosozligi yo‘l-transport hodisalarining asosiy omillari sifatida ko‘rsatilmoqda.
Mamlakat Yo‘l harakati xavfsizligi agentligi hisobotida keltirilishicha, birgina 2025-yilning o‘zida Nigerda 7 100 dan ko‘p avariya qayd etilib, 1 200 dan ziyod inson halok bo‘lgan, 4 400 fuqaro og‘ir jarohatlangan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA