Sardobada mahalla yo‘llari yangilanmoqda
Yo‘l — aholi hayotida har kuni foydalaniladigan muhim infratuzilma tarmoqlaridan biri. Uning holati nafaqat transport qatnovi, balki odamlarning ishga, ta’lim va tibbiyot muassasalariga borib-kelishi, kommunal hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi bilan ham bevosita bog‘liq.
Sardoba tumanida ichki yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirishga qaratilgan ishlar natijasida mahallalarda aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoiti yaratilmoqda. Ilgari ta’mirtalab holatda bo‘lgan qator ko‘chalarning asfaltlanishi, ayniqsa, yog‘ingarchilikli kunlarda harakatlanish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi «Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturiy asos bo‘ldi.

Mazkur qarorga muvofiq, Sardoba tumanidagi “Xalqobod”, “Quyitosh”, “Navro‘z” va “Fayzliobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi jami 26 ta ichki yo‘l manzilli ro‘yxat asosida ta’mirlandi. 2025–2026-yillar davomida ushbu yo‘llarning barchasida asfaltlashtirish ishlari to‘liq yakunlanib, umumiy 15 kilometr 920 metr yo‘l yangilandi.
Xususan, “Xalqobod” MFYda 7 ta, “Quyitosh” MFYda 8 ta, “Navro‘z” MFYda 9 ta va “Fayzliobod” MFYda 2 ta ko‘cha ta’mirlandi. Natijada mahallalarda ichki yo‘llar holati yaxshilanib, aholi va transport vositalari harakati uchun qulay sharoit yaratildi.
Bu haqda Sardoba tumanida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-tur davomida ma’lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari “Quyitosh” MFY hududidagi Turon ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishdi. Uzunligi 944 metr bo‘lgan mazkur ko‘cha to‘liq asfaltlandi.
Avval ta’mirtalab holatda bo‘lgan mazkur ko‘chada, ayniqsa, yog‘ingarchilikdan keyin harakatlanishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Yo‘lning yangilanishi mahalla aholisi uchun transport qatnovini yengillashtirish bilan birga, xonadonlarga borib-kelish, tez tibbiy yordam, kommunal va boshqa xizmatlarning o‘z vaqtida yetib borishi uchun ham qulay sharoit yaratdi.
Ichki yo‘llarning ta’mirlanishi mahallalarning umumiy qiyofasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ravon va obod ko‘chalar aholi uchun qulay muhit yaratish bilan birga, hududdagi ijtimoiy va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilmoqda.

— Tumanda amalga oshirilayotgan ishlar aholi uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgan islohotlarning mahalladagi amaliy natijalaridan biridir. Zero, infratuzilmani yaxshilash, avvalo, odamlarning kundalik hayotidagi muammolarni hal etishdan boshlanadi. Shu ma’noda, ichki yo‘llarning ta’mirlanishi aholi uchun qulaylik yaratish bilan birga, mahallalar obodligi va hudud infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qilmoqda, — deydi Sardoba tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Hojiyev.
Darhaqiqat, mahalla infratuzilmasining yaxshilanishi aholi turmush sifatini belgilaydigan muhim omillardan biri. Yo‘llarning ravonligi esa bu jarayonning ko‘zga yaqqol tashlanadigan natijalaridan. Sardoba tumanida 26 ta ichki yo‘lning ta’mirlanib, umumiy hisobda qariyb 16 kilometr yo‘lning yangilanishi aholi kundalik hayotida seziladigan amaliy o‘zgarishdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi turmush darajasini yuksaltirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va odamlar uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar Sardoba tumani misolida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

Ko‘p yillar davomida yechimini kutib kelgan ichki yo‘l muammolarining bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani mahallalarda obodlik va qulaylikni ta’minlashga qaratilgan ishlar samarasini namoyon etmoqda.
Press-tur davomida ishtirokchilarga ta’mirlangan yo‘llarning uzunligi, qamrovi va amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri