Netanyaxu nega BAAga yashirincha uchib bordi? (+video)
VVS yozishicha, yakshanba kuni Isroil Bosh vaziri BAAga yashirincha uchib borib Prezident Muhammad bin Zoid bilan uchrashgani aytilmoqda. Bu tashrif Birlashgan Arab Amirliklari rahbari Netanyaxuni taxminan bir yarim hafta oldin Isroilda HAMAS hujumi tahdididan ogohlantirgani to‘g‘risidagi xabarlar sabab janjal avj olayotgan bir payt amalga oshirilgan.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu xabarlarni inkor ettirish bo‘lgani xususida Isroil OAV va “Associated Press” agentligi ham yozdi. Amerikaning “Wall Street Journal” nashri hujumdan atigi bir necha kun oldin turli manbalar, jumladan Misr razvedka xizmati sobiq rahbaridan ham bir necha bor ogohlantirish kelganini qayd etgan. Netanyaxu idorasi esa hujum tayyorlanayotgani bo‘yicha biror kanal orqali ogohlikka chorlanganini boshdan qat’iy rad etib kelmoqda.
Netanyaxu haqiqatan BAA Prezidentidan ushbu ma’lumot inkor etilishini so‘ragan-so‘ramagani aniq ma’lum emas. Faqat isroillik siyosatshunoslar bunday qadamni Isroilda yaqinlashayotgan parlament saylovi bilan bog‘liq holda tushunish mumkinligini ta’kidlamoqda. Zero, mazkur janjalsiz ham saylov amaldagi hukumat yetakchisi uchun juda murakkab kechishi kutilyapti.
Ertasiga BAA Tashqi ishlar vazirligi Netanyaxu bilan uchrashuv tshg‘risidagi axborotga izoh berishdan bosh tortgan. Shu bilan birga Isroil bilan “ochiq va bevosita aloqa yo‘llari” saqlanib qolayotgani, ushbu davlatga “har qanday muhim razvedka ma’lumoti” yetkazib turilishi ma’lum qilingan.
Bosh vazir idorasi BAAga tashrif va ko‘zlangan maqsadga izoh bermadi. Netanyaxu ijtimoiy tarmoqda HAMAS bosqinidan oldin Misr razvedkasi rahbari bilan muloqot qilgani xususida tarqalgan xabarlarni ham inkor etdi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, (video) O‘zA