Netanyaxu: Isroil qo‘shini Livan janubini tark etmaydi
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu hukumatlar o‘rtasida AQSH vositachiligida xavfsizlik bo‘yicha kelishuv imzolangandan keyin ilk bor Livanning Isroil armiyasi nazoratidagi hududida bo‘lib, “Hizbulloh” harakatidan kelayotgan xavf bartaraf etilmaguncha, qo‘shin mamlakat janubidan olib chiqilmasligini aytdi.
Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi. Seshanba kuni Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats va yuqori martabali harbiylar hamrohligida Livan hududiga kelgan yetakchi askarlar bilan uchrashdi. Bosh vazir devoni tarqatgan bayonotga ko‘ra, hukumat rahbari “Hizbulloh” qurollangan holda xavf tug‘dirishda davom etar ekan, Isroil armiyasi ham Livan janubida qolishini qat’iy bildirgan. Mazkur tashrif o‘tgan juma kuni AQSH ko‘magida erishilgan va Isroil tomonidan ikki hududni Livan milliy armiyasi nazoratiga topshirishni ko‘zda tutuvchi bitimdan so‘ng amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Netanyaxu oxirgi marta Livanning Isroil nazoratidagi qismiga aprel oyida ham kelgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA