Fors tilidan imtihon kuni ham yetib keldi. Talabalar astoydil tayyorgarlik ko‘rishgani bejiz emas. Chunki qattiqqo‘llik, talabchanlikda domla Bosit Musayevga bas keladigani yo‘q. Qolaversa, negadir bugun domlaning avzoi chatoqroq – chehrasi ochilmas, bilimdonlik da’vosidagi talabani “qoqiltiradigan” savollarni ayamay qalashtirar, buning oqibatida, mana, guruhdoshlardan birortasi “3”dan yuqorisini ololmadi.
Nihoyat, guruhning so‘nggi vakiliga navbat keldi. Uning javoblari shu qadar ravon va bexato ediki, Musayev domla birdan bosh chayqab, “tushimmi-o‘ngimmi?!” degandek ko‘zlarini katta-katta ochib ro‘parasida o‘tirgan yigitga qaradi. Qaradiyu, shashtidan tushmadi.
–“To‘rt!” – dedi pinagini buzmay.
Talaba yigit bo‘sh kelmadi.
–Nega “to‘rt”? Birorta xato qildimmi?
Domla bir zum jim qoldi, darhaqiqat, yigitning javoblaridan xato topmagandi. Lekin...
–Uchta so‘z so‘rayman, topsangiz, marra sizniki.
–Bemalol, –dedi talaba yigit, dadillikni qo‘ldan bermay.
Domla ochiqdan-ochiq shafqatsizlik qildi, ya’ni qo‘shimcha savollarni murakkab mumtoz fors adabiyoti namunalaridan tanladi. Uning nazarida “besh” bahoga da’vogarlik qilayotgan talaba yigit bu savollarga javoban og‘iz ocholmasligi muqarrar edi. Biroq... talaba shu qadar biyron javob qaytardiki, hurmatli domla ko‘zini olib qochishga joy topolmay qoldi.
–Yana bitta savol, –dedi u shoshib qolganidan, o‘ng‘aysizlanib.
Talaba yigit esa bo‘sh kelmadi.
–Domlajon, – dedi u hurmat saqlagan holda, lekin qat’iyat bilan. – Siz avval va’daga binoan bahoni qo‘ying, so‘ng qancha savolingiz bo‘lsa, men tayyorman!
Toshkent davlat universitetining sharq tillari fakultetida bo‘lib o‘tgan ushbu voqeaga oz emas, 50 yildan oshdi, qattiqqo‘l domlaga bo‘sh kelmagan bilimdon talabaning ism-sharifi esa Nema’tulloh Ibrohimov edi!
***
Oradan ozmuncha suvlar goh sokin, goh jo‘shqin, goh ayqirib, goh... bo‘tana tusida oqib o‘tdimi?! Inson hayotining o‘zak-o‘zagini tashkil etgan taqdir, qismat daryosi qay tarz oqadi, qayoqlarga bosh olib oqadi, o‘zining adoqsiz mavjlarida bandasiga ne in’omu hadyalarni ravo ko‘rib, qanchalaridan uni mosuvo etadi – buni hech kimsa bashorat qilolmasligi muqarrar, ammo-lekin qodir Parvardigor bandasini “Maqsad, maslak, sabot” deya atalmish bebaho tuyg‘ular ila quvvatlantirgan hamki, solih va sog‘lom yo‘lga yurish, bu yog‘i endi faqat insonning o‘ziga, uning salohiyati, zehn-zakovoti, jahdi, matonatiga havola!
Sharq tillari orasida hudud va nufus jihatidan xitoy, arab, yapon tillari yetakchilik qilishi ma’lum. Biroq tarixiy voqelik nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo xalqlari hayotida arab tilining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Xususan, gap arab tili bo‘yicha mutaxassislikni tanlash haqida borar ekan, masalaning g‘oyatda boshqa nozik jihatini ham unutmaslikka to‘g‘ri keladi.
Arab yozuvi va tili Qur’oni karim yozuvi va tili hamdir! Shu sababdan ham xudosiz sho‘rolar mafkurasi hukmronlik qilgan zamonlarda arab tili mutaxassislariga ko‘pda ishonch bildirilavermagan. Sharqshunoslik mutaxassisligiga kelajagi yo‘q soha sifatida qaralgan. Ko‘plab talabalar yo boshqa fakultetlarga ko‘chib o‘tishgan, yoki, buning ilojini topolmaganlar umuman o‘qishdan voz kechishgan. Ne’matulloh Ibrohimov esa bolalikda qalbiga muhrlangan orzudan voz kechmadi. Maslak yo‘lida qat’iyat, sabot ko‘rsatdi.
Urushdan keyingi og‘ir yillarda oddiy aholi orasida ro‘zg‘or-tirikchilikdan muhimroq tashvish bo‘lmagan. Lekin Marg‘ilon shahrining mashhurdan-mashhur Maorif mahallasi (burungi nomi – Chorbog‘) oqsoqoli, taniqli tadbirkor Ibrohimjon aka Dovudov maktab yoshiga yetgan o‘g‘lidagi layoqat va ishtiyoqni juda erta payqadi. Ne’matulloh g‘oyatda ziyrak, uquvli, mutolaaga moyil, xotirasi puxtaligi bilan teng-to‘shlaridan ajralib turardi. Ibrohim aka o‘g‘lini mahalladosh ilmli qorilar huzuriga yetakladi, maslahatlashdi va Ne’matulloh... bir yo‘la ikki maktabda taxsil ola boshladi.
Shu o‘rinda e’tibordan soqit qilmaslik kerakki, ota farzandi uchun ustoz tanlashda adashmadi. Ne’matulloh o‘rtoqlari qatoridan qolmay bolalik zavqini surar, maktabda faqat “a’lo” baholarga o‘qir, shu bilan bir yo‘la Qur’oni karim, qiroat va tajvid ilmlarini tashnalik bilan o‘zlashtirar, hamshahar ulamoyu fuzalo zotlar davrasida navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, yassaviyxonlikdan bahra olib, badiiyat olami sirlaridan voqif bo‘la borardi. Hofiz, Bedilning forsiydagi g‘azallariga oshno bo‘lib ulgurgan, bir so‘z bilan aytganda, yoshlikda olingan ilm mag‘zani qalbga o‘zining o‘chmas muhrini bosgan – hayotiy maqsad, maslak poydevorini puxtalagan edi.
Ne’matlloh Ibrohimov bolalikdan diliga jo bo‘lgan orzu-
niyatlarini ro‘yobga chiqarishning birdan-bir yo‘li sharqshunoslik sohasida ekanidan uni qaytaradigan kuch-to‘siq qolmagandi. U hech bir ishtibohga bormadi, zarracha ikkilanmadi – hujjatlarini Toshkent davlat universitetining sharq tillari fakultetiga topshirdi.
***
XX asrning boshlari – 1918 yilda Turkiston sharqshunoslik instituti tashkil etilishi chinakam tarixiy voqea edi. Biroq oradan 6 yil o‘tib bu institut O‘rta Osiy davlat universitetiga fakultet sifatida qo‘shib yuborildi, oradan yana 6-7 yil o‘tar-o‘tmas fakultet avval pedagogika fakultetiga aylantirildi, so‘ngra butunlay tugatildi. Ikkinchi jahon urushining so‘nggi yillariga kelib Sharq tillariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib O‘rta Osiyo davlat universiteti qoshida fakultet faoliyati tiklandi. Oradan besh yil o‘tib, fakultetning dastlabki qaldirg‘och bitiruvchilari hayotga yo‘llanma oldilar.
Bu oliy ilmiy dargohning oyoqqa turishi, shakllanishi tom ma’noda Vatanimiz mustaqilligining ilk yillarida ro‘yobga chiqdi. Birinchi Prezident Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent Sharqshunoslik instituti ta’sis topdi! Institutning birinchi rektori Ne’matulloh Ibrohimov rahbarligida bu oliy ta’lim dargohi ilmiy-pedagogik jamoasi o‘z faoliyatini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish, chunonchi, yangidan-yangi kafedra va fakultetlar ochish, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro ilmiy-amaliy hamkorliklarni kengaytirish va albatta yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida katta nufuzga, e’tiborga sazovor bo‘ldi. Institut nafaqat respublikada, nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari orasida, balki olis-yaqin xorijiy mamlakatlarda tan olingan salohiyatli ilmiy markaz maqomiga erishdi.
“Sharqshunoslik hamma davrlarda ham keng miqyosdagi fan hisoblangan, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Temur Muxtorov, – lekin mana shu “keng miqyosli” degan tushuncha turli davrlarda turlicha talqin etilgan”. Mustaqillik yillarida, ta’bir joiz bo‘lsa, mana shu talqin etish sog‘lomlasha boshladi. Sharqshunoslik faqat olis o‘tmishga “ko‘z tikish” bilan kifoyalanadigan fan emas, balki o‘sha olis o‘tmish orqali hozirgi zamonni tahlil va tadqiq etuvchi, qolaversa, uzoq istiqbol yo‘llarini belgilab beruvchi fan ekanligini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslay boshladi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emasdi, zero, gap tafakkurni o‘zgartirish, sohaga bo‘lgan turli past-baland qarashlarni sog‘lomlashtirish haqida bormoqda edi.
Institut rahbariyati o‘zbek sharqshunoslik faniga ta’mal toshini qo‘ygan o‘nlab ulkan olimlarning nomi va mehnatlarini sharafladi, bu borada g‘oyatda o‘zbekona, kerak bo‘lsa, sharqona bag‘rikenglik namunasini ko‘rsatdi. Ilmli, malakali mutaxassislar e’zozlandi, mehnatlari qadr topdi. Yil o‘tgani sayin institut jamoatchiligining “ilmiy nigohi” dunyo jug‘rofik xaritasining yanada bepoyon hududlarini qamrab ola boshladi.
***
1970 yilda Toshkent davlat universiteti Sharqshunoslik fakultetining arab tili bo‘limini muvaffaqiyatli tugatgan Ne’matulloh Ibrohimov mehnat faoliyatini ushbu oliy ilm dargohida o‘qituvchilikdan boshlar ekan bir yo‘la ilmiy tadqiqot izlanishlariga kirishdi. Sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsilni davom ettirdi.
...XIV asrda yashagan marokashlik arab Ibn Battuta dunyo bo‘ylab sayohatga otlanar ekan, bu sayohat 28 yil davom etishi, sayohatning samarasi o‘laroq “Sayohatnoma” asari bebaho meros bo‘lib qolishini oldindan niyat qilganmi-yo‘qmi, bizga qorong‘i, lekin bu jasur va matonatli sayyoh “Barcha musulmon mamlakatlarini kezib chiqqan so‘nggi eng buyuk sayyoh” (I.Yu.Krachkovskiy), “Magellangacha bo‘lgan barcha davrning eng buyuk sayyohi” (R.Xenn) martaba-maqomiga erishgan, uning qalamiga mansub “Sayohatnoma” asari esa hali-hanuz o‘z davrining bemisl qomusiy manbasi sifatida qadralanadi. Yosh Ne’matulloh Ibrohimov mazkur fundamental asarning Turon zamin xalqlari tarixi bo‘yicha qimmatli manba sifatida tadqiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Jami 18 fasldan iborat “Sayohatnoma” asarining 8-fasli “Sulton O‘zbek xon yurti – qipchoq”, 9-fasli esa “O‘rta Osiyo” deb ataladi. Mazkur fasllarda Ibn Battuta nihoyatda qimmatli tarixiy ma’lumotlar bayon etganki, ular mintaqamizning bundan yetti asr burungi qiyofasini o‘rganishda bitmas-tuganmas manba ekanligi Ne’matulloh Ibrohimovning “Ibn Battuta sayohati – O‘rta Osiyo tarixiga doir manba” mavzuidagi dissertatsiyasida birinchi marta atroflicha tadqiq etildi.
30 yoshida dastlabki ilmiy marrani Moskvada zabt etgan olim Toshkentga – qadrdon fakultetining arab filologiyasi kafedrasiga qaytdi.
Ilm-fan ummonida dadil va ishonch bilan suzishda ilmiy muhitning ahamiyati nihoyatda katta. Markaziy Osiyoda yagona sharqshunoslik ilmiy markaziga aylana borayotgan fakultetda Ubaydulla Karimov, Pavel Bulgakov, Ismatulla Abdullayev, Shoislom Shomuhamedov, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov singari fan darg‘alari faoliyat yuritishar, bunday ilmiy-ijodiy muhit iste’dodli va intiluvchan yoshlar uchun ayni muddao edi.
Ne’matulloh Ibrohimov arab tilidan saboqlar berish bilan bir paytda navbatdagi ilmiy dovonni zabt etishga shaylandi. Kafedra dotsenti maqomiga erishgan yosh olim arab tili, o‘rta asr adabiyoti, islom tarixidan darslar berdi, imkoni topildi deguncha turli mavzularda ilmiy maqolalar yozdi, ularni nufuzli ilmiy majmualarda chop ettirdi. Ana shunday izlanishlar yosh mutaxassisni hali qo‘l urilmagan, tadqiqotchilar nazari tushmagan “qo‘riq” manzillar sari yetakladi. Sharq adabiy tafakkurining, aniqrog‘i, arab badiiy tafakkurining ilk sarchashmalarini yaxlit ilmiy mavzu sifatida o‘rganishga kirishdi.
***
Ne’matulloh Ibrohimovning ilmiy izlanishlar salohiyatiga xos uslub olimning masala-mavzuning tub ildizini, o‘q tomirini o‘rganishdan boshlashida namoyon bo‘ladi. Nomzodlik dissertatsiyasida XIV asrga mansub yodgorlikni tadqiq etgan bo‘lsa, doktorlik tadqiqoti uchun mavzuni arab xalqlari badiiy tafakkurining ilk sarchashmalari – og‘zaki badiiy tafakkur manbalarini tanladi. Ya’ni, ilmiy izlanish ob’ekti davri yanayam qadimiylashdi.
Xolis o‘ylab ko‘raylik: Marg‘ilonda tug‘ilib voyaga yetgan, padari buzrukvori va ilk ustozlari tarbiyasida ulkan va sog‘lom ilm yo‘lini tanlagan o‘zbek olimi arab xalqlari badiiy tafakkuri shakllanishining ilk sarchashmalarini tahlil qilmoqda, tadqiq qilmoqda, umumlashma xulosalar chiqarmoqda, mana-man degan arab dunyosi olimlari oldiga o‘z qarashlari, konsepsiyalari va taklif-mulohazalarini ko‘ndalang qo‘ymoqda. Shu o‘rinda ilmi, ziyosi mustahkam muhtaram gazetxonlarimiz XI-XII asrda yashab o‘tgan buyuk bobokalonimiz, ilm-fanning turli sohalari, jumladan arab tili va adabiyotining bilimdoni, arab tili grammatikasi va lug‘atini, arab qabilalari lahjalari, maqollari va urf-odatlarini mukammal o‘rgangan, Jorulloh, ya’ni “Allohning qo‘shnisi”, degan bag‘oyat sharafli martabaga muyassar bo‘lgan vatandoshimiz-faxrimiz Mahmud Zamaxshariy siymosini ko‘z oldilariga keltirgan bo‘lsalar ne tong! Qolaversa, arab xalq og‘zaki manbalarini o‘rganish, ularning turfa yozma manbalarda bardavomlashuvini ilmiy asoslash Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tan olingan va olinmagan o‘zaro ta’sir rishtalarini mustahkamlash borasida ham g‘oyatda muhim qadamdir. 1984 yili Moskvada Ne’matulloh Ibrohimov yoqlagan “Arab xalq romani” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi shu ma’noda chinakam ma’nodagi ilmiy-ma’rifiy jasorat edi! Ta’rifni muxtasar qilish uchun “roman” so‘ziga izoh beraylik.
“Siyra ilk islom davri adabiy janri bo‘lib, – deb yozadilar ustoz Ne’matulloh Ibrohimov, – “hayot yo‘li”, “turmush tarzi”, “yurish uslubi” ma’nolarini anglatadi. Ushbu ma’noda siyra “sunna” (odat) so‘zi bilan ma’nodoshdir. ...Shuningdek, siyraning yana bir ko‘rinishi xalq og‘zaki ijodi sifatida shakllanib, xalq qahramonlari hayoti, ularning urushlardagi bahodirliklari ta’rifida saj’ uslubida namoyon bo‘lgan. Bu kabi xalq qahramonlari hayotiga oid siyralar “xalq siyralari” (xalq romanlari)” deb atalib, arab xalq adabiyotining eng keng tarqalgan janrlaridan biri hisoblanadi”.
Ko‘rinadiki, Ustozning ulkan ilmiy say’-harakatlari samarasi o‘laroq o‘zbek sharqshunoslik fanida siyrashunoslik maktabiga asos solindi.
***
Arab filologiyasi kafedrasi mudiri, professor Ne’matulloh Ibrohimovga ko‘p o‘tmay fakultet rahbarligi vazifasi ishonib topshirildi. Oradan ikki yil o‘tib-o‘tmay institutga rektor sifatida tayinlangan domla oldida keng imkoniyatlar ochildi. Ne’matulloh Ibrohimov bor salohiyatini bu oliy o‘quv yurti nufuzini, kafedra va fakultetlar mavqeini oshirishga, xalqaro aloqalarni kengaytirishga, tadqiqotlar miqyosi va salmog‘ini yuksaltirishga qaratdi. Sharqshunoslik fanining qoni-joni hisoblanmish qo‘lyozmalarni o‘rganishga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishiga asos soldi. “Sharq fakultetining hozirgi kunda institutga aylanib, dovrug‘ qozonishida xalqaro ilmiy mukofotlar sohibi, akademik, o‘zbekning jonkuyar olimi, saxovatli inson Ne’matulloh Ibrohimovning xizmati kattadir, – deb yozdi atoqli olim, akademik Alibek Rustamov. – U o‘zining ilmi, ta’lim sohasida jahondagi obro‘-e’tiboridan oqilona foydalanib, institutni ilg‘or ilmu ta’lim dargohiga aylantirdi”.
***
Alibek Rustamovdek benazir Ustoz o‘z so‘zida “jahondagi obro‘-e’tibor” degan ta’rifni bejizga qo‘llamagan.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, “Imom al-Buxoriy” nomidagi xalqaro mukofot sohibi sifatida e’zozlangan Ne’matulloh Ibrohimov xizmatlari ko‘plab xorijiy davlatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham e’tirof etilgan. Chunonchi, Ustoz olimimiz Yaponiya Fukusima prefekturasining O‘zbekistondagi faxriy elchisi, Sen Kyun Kvan (Seul shahri) universiteti va Qohira universiteti (Misr Arab Respublikasi) faxriy doktori, Kaliforniya (AQSH) Xalqaro fan, ta’lim, industriya va san’at akademiyasining haqiqiy a’zosi, Qohiradagi Arab tili akademiyasi – “Majma’ al-lug‘at al-arabiyya”ning haqiqiy a’zosi hisoblanadilar. Bu kabi ma’lumotlar, bir tomondan, bizga zamondosh bir zabardast o‘zbek olimining ichki va tashqi olamdagi o‘rni, global nufuzi va salohiyatidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, Sharqshunoslik fanining, jumladan, serqirra arab dunyosining bashariyat hayotida naqadar cheksiz-chegarasiz ahamiyatga molik ekanini ko‘rsatadi. Hozirgi paytda Yer kurrasida sal kam 200 million aholi arab tilida so‘zlashmoqda. Binobarin, e’tibordan soqit qilmaslik kerakki, arab dunyosiga doir har qanday qarash, har qanday g‘oya, har qanday tashabbus arabiy zabon xalqlar bilan bir vaqtda arab xalqlari va davlatlari bilan munosabatga kirishuvchi boshqa xalqlar va davlatlarga yo bevosita, yo bilvosita taalluqli bo‘lib chiqaveradi.
Misr Arab Respublikasi zamonaviy arab dunyosining ilmiy-intellektual, ma’naviy-mafkuraviy markaziga aylangan. Ushbu mamlakatdagi Al-azhar, Aynush shams, As-suyut, Asvon, Az-zaqoziq, shuningdek Qohira va Iskandariya universitetlarida Sharqu G‘arb davlatlaridan kelgan yoshlar oliy ta’lim olmoqdalar, ushbu ilm dargohlarida zamonamizning eng dolzarb mavzularidagi ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borilmoqda. Quvonarli joyi shundaki, bu sohalarda dovrug‘ qozongan o‘zbekistonlik ulkan mutaxassis olimlarimiz, ulamolarimiz va ular bilan yelkama-yelka faoliyat yuritgan nomdor siymolar, chunonchi shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shamsiddin Boboxon, akademik Ubaydulla Karimov, shuningdek Krachkovskiy, Belyayev, Lebedev, Baranov, Sharbatov, Primakov, Bunyodov, Gamkrelidze nomlari XX asr sharqshunoslik fanining atoqli darg‘alari sifatida tilga olinadi, e’tirof etiladi.
–Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, – dedi hozirgina sanab o‘tilgan zalvorli ro‘yhatdan munosib o‘rin olishga ma’naviy haqqi bo‘lmish Ustozimiz Ne’matulloh Ibrohimov, – Uchinchi Renessans g‘oyasi yuksak taraqqiyot marrasi sifatida xalqimiz oldiga maqsad qilib qo‘yildi. Hech shak-shubha yo‘qki, bu tarixiy Uyg‘onish yo‘lida o‘zbek sharqshunoslari o‘zlarini kamarbasta hisoblaydilar. Birinchi va Ikkinchi Renessans fidoyilari bo‘lmish necha o‘nlab siymolarning betakror ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganish va ularni biz ko‘zlagan navbatdagi cho‘qqini zabt etish yo‘lidagi kurashlarimizda bor bilim va tajribalarini safarbad etadilar.
Ilm marra emas, ilm – mangu uzluksiz, qaynoq va tirik jarayon. Ilm-fan – misoli to‘xtovsiz oqib borayotgan toshqin daryo! Xususan, Vatanimiz istiqloli taqdim etgan imkoniyat, mafkuraviy hurlik nafaqat xalqimiz tiynatidagi diniy e’tiqod hurligiga, balki ushbu soha bilimdonlari, zaxmatkashlari oldida ham katta yo‘l ochdi. Millionlab kishilar e’tiqod qo‘ygan maqsad-maslak esa ham siyosiy, ham mafkuraviy, ham ma’naviy-axloqiy nuqtai nazardan g‘oyatda nozik masala. Bu borada eng oqilona, eng odilona va eng mustahkam va ishonarli yo‘l – ilmu-bilimga asoslangan tafakkur yo‘lidir.
1991 yili Qomuslar bosh tahririyati tomonidan “Al-jomi’ as-sahih” – “Hadis” kitobining dastlabki jildi chop etilishi favqulodda voqea bo‘ldi. Mazkur hamda navbatdagi uch jild ishonarli hadis majmuasi xalqimiz orasida diniy savodxonlikni yo‘lga qo‘yishda, xossatan, Payg‘ambarimiz alayhissalomdan meros o‘lmas hikmatlarni ommalashtirishda bebaho ahamiyat kasb etdi. To‘rtala kitobning Ne’matulloh Ibrohimov tomonidan (shoir Mirza Kenjabek bilan hamkorlikda) tahrir qilinishi har jihatdan mantiqiy va adolatli voqea edi.
***
O‘tmishda podshohlarga, xalq qahramonlariga atab asarlar yaratilgan, ular shaklan va mazmunan siyra sifatida e’tirof etilgan ham, biroq tom ma’nodagi siyra va siyrashunoslik so‘zlari Rasululloh (s.a.v.) ning hayot yo‘llarini yoritib beruvchi sohani anglatuvchi xos atama maqomini olganini yodda saqlashga to‘g‘ri keladi. Zero, tarixda Payg‘ambarimiz siyralarini bayon etishga bag‘ishlangan manbalar behisob. Mustaqillik yillarida o‘zimizda ushbu yo‘nalishda ko‘plab xayrli ishlar qilindi – bir qator tarjima asarlar nashr etildi ham. Asl birlamchi manba esa “Hozirgi davrga qadar yetib kelgan siyra asarlarining eng mashhuri Ibn Hishomning “As Siyra an-nabaviyya” (N.Ibrohimov) hisoblanadi.
2011 yilga kelibgina o‘zbek kitobxonlari mazkur asarning to‘liq tarjimasini o‘qish baxtiga musharraf bo‘ldilar. Ustoz Ne’matulloh Ibrohimov rahbarligidagi tarjimonlar guruhi tomonidan o‘zbekchalashtirilgan ikki jilddan iborat mazkur 4 kitob amaldagi alifboda chop etilgan eng birlamchi va eng ishonchli manba bo‘lib turibdi. O‘zbek tilidagi “As Siyra an-nabaviyya” Saudiya Arabistoni podshohligi tomonidan yuksak e’tirofga munosib ko‘rilganidan faxrlanamiz albatta.
***
Umumturk tilini yaratish borasida boshlanib ketgan xayrli ishlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan holda ta’kidlamoq o‘rinliki, hozirgi global miqyoslarda kechayotgan jarayonlarda ayniqsa har qanday milliy tilning shakllanishini “migratsiya”, “integratsiya” va “investitsiya” qonuniyatlarisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmay qolmoqda. Turkiy tillar tarkibida kamida 30 foiz arab so‘zlari chatishib-o‘zlashib ketganligining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Arab tili dunyodagi eng qadimiy va eng keng tarqalgan tillar sirasiga mansub. Ma’nolarning xilma-xilligi, toblanishi, ohangdorligi, go‘zalligi borasida qiyosi yo‘q sanaladi. Qur’oni karim va hadisi sharif tili ekanligi bilan esa e’tiqodimiz, dilimiz, imonimizni nurlantirib turadi. Arab tili bilan bog‘liq hayratlanarli bir necha raqamga murojaat qilamiz: “Arab tilida yorug‘likni 21, yilni 24, quyoshni 29, bulutni 50, qorong‘ilikni 52, yomg‘irni 64, suvni 170, ilonni 100, tuyani 255 va sherni 350 so‘z bilan ifodalangan”.
“Al-Qomus” – arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘atning 1-jildidan olingan ushbu iqtibos so‘z yuritilayotgan tilning naqadar boyligidan va benihoya murakkabligidan dalolat beradi. Ustoz Ne’matulloh Ibrohimov rahbarligida amalga oshirilgan mazkur 4 jildlik lug‘at adabiy-madaniy hayotimizda ulkan voqea sifatida har qancha taxsinga sazovordir. Zero, lug‘at hamisha xalqlar, madaniyatlar, tafakkurlar orasida ko‘prik – bog‘lovchilik vazifasini o‘taydi. “Noyob va nihoyatda zarur ma’naviy mulk bo‘lib qolajak “Al-Qomus”ga kiritilgan so‘z va ibora birliklari soni bo‘yicha ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum bo‘lgan rus arabshunosi X.K. Baranovning mashhur “Arabsko-russkiy slovar” lug‘atidan ikki yarim hissa ortiq bo‘lgan, har biri 900-1000 sahifali to‘rt jilddan iborat”. U “mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan arab tili bilan bog‘liq lug‘atshunoslik yo‘nalishida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlarning mantiqiy cho‘qqisi sifatida dunyo yuzini ko‘rdi”. Taniqli sharqshunos olim, professor Zohidillo Munavvarovning bu e’tirofida zarracha mubolag‘a yo‘q!
***
E’tiboringizga havola etilgan portret-esseda atoqli ustoz olim Ne’matulloh Ibrohimov hayoti va faoliyatiga doir ayrim manzaralar muxtasar tilga olindi, xolos. Bir inson umri qanchalar ma’no-mazmunga boy bo‘lishi, bu yorug‘ ochunda nechog‘li savob amallarga ulgurishi – ilmiy, ma’naviy, ma’rifiy jasoratlarga to‘lib-toshajagini ibrat, namuna va ehtirom sifatida bayon etish bilan kifoyalandik.
Muhtaram Prezidentimiz xalqimizni uchinchi har qachongidan ulg‘ayish, yuksalish sari boshlayotgan bir paytda azaliy va isbot talab qilmas haqiqat kun tartibiga chiqadi: bunday Yuksalish pog‘onalari xalqning buyuk farzandlari, ilmi donishlari, fidoyi va ziyoli darg‘alari ishtirokida, yetakchiligida zabt etiladi!
...Yoshi ulug‘ marg‘ilonlik, farg‘onalik – vodiylik mo‘ysafidlar hali-hanuz “Yotgan manzillari munavvar bo‘lsin” deya duolar bilan yodga oladigan Ibrohimjon ota o‘tgan asrning olis 50-yillari avvalida o‘g‘li Nema’tullohni Marg‘ilonning tosh ko‘chalari bo‘ylab maktabga, qolaversa, murattab qorilar huzuriga yetaklab borayotib bosgan qadamlarida boshlangan edi bu fidoyi va ziyoli hayot, bu yuksalish, bu mutaraqqiy orzu-niyatlar yo‘li. Mazmunlarga to‘la bu munavvar yo‘l bardavomdir, bardavom!
Xurshid DO‘STMUHAMMAD,
Yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor
O‘zA