Nega Tramp Tayvan masalasida jim qoldi?
“Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlash zamonaviy xalqaro diplomatiyaning asosiy poydevorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Dunyo davlatlarining aksariyati, jumladan, O‘zbekiston ham rasman faqat bitta Xitoy mavjudligini, Tayvan esa uning ajralmas qismi ekanini tan oladi. Bu pozitsiya ko‘plab xalqaro hujjatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlari va ikki tomonlama kelishuvlarda mustahkamlangan.
O‘zbekiston ham ushbu pozitsiyani izchil ravishda tasdiqlab kelmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng rasmiy Toshkent bir necha bor Xitoyning hududiy yaxlitligini va davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyilini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. O‘zbekiston uchun bu siyosat xalqaro huquq, suverenitetni hurmat qilish va Osiyoda barqarorlik tamoyillariga mos keladi.
So‘nggi yillarda Tayvan mavzusi jahon geosiyosatining eng asosiy masalalaridan biriga aylandi. Si Szinpin bir necha bor Xitoyning qayta birlashuvi masalasi mamlakatning ichki ishi ekanini va milliy suverenitet bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. Pekin Tayvan mustaqilligini xalqaro miqyosda tan olishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chiqmoqda.

Biz Donald Trampning Xitoyga yaqinda amalga oshirgan tashrifini alohida e’tibor bilan kuzatdik. To‘g‘risi, men Tayvan masalasi bo‘yicha keskin bayonotlarni kutgan edim. Ammo muzokaralar va ommaviy chiqishlar davomida AQSH yetakchisi bu mavzuga doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh berishdan tiyildi. Bu sukutni murakkab savdo-iqtisodiy muzokaralar va global beqarorlik sharoitida Pekin bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslikka intilish sifatida baholash mumkin.
AQSH va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar kuchayib borayotganiga qaramay, “Yagona Xitoy” tamoyili hamon Xitoy–AQSH munosabatlarining asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Vashington Tayvan bilan norasmiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlasa-da, rasman faqat bitta Xitoy davlati mavjudligini tan oladi.
Bugun Tayvan masalasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik va siyosiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun ham “Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlash xalqaro barqarorlikni saqlash, suverenitetni hurmat qilish va Pekin bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili sifatida qaralmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA