Nega psixologlarga ehtiyoj oshib bormoqda?(+video)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi, oila va bolalar psixologi Shoira Isoqova ishtirokida “Bugungi psixologlar nimalarni targ‘ib qilyapti?” mavzusida ovozli chat bo‘lib o‘tdi.
Kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga ekspert javob berdi. Mazkur chatni Youtube kanali orqali video shaklda ko‘rishingiz mumkin.
— Nega psixologlarga ehtiyoj oshib bormoqda? Bu zamon talabimi yoki psixologiya yutug‘imi?
— Bugun psixologga oshib borayotgan ehtiyojning sababi bitta – hamma yaxshi yashashni istaydi. Odamlar birinchi bo‘lishni, ilgarilashni, o‘zini anglashni xohlaydigan davrga keldik. Bu jarayonga karantindan keyingi holatlar ham sabab bo‘ldi. Ayollarimizning ko‘plari uyda o‘tirib qoldi, muammolar girdobiga tushib, go‘yoki ularning yechimi topilmaydigandek tuyuldi. Ayniqsa, farzand tarbiyasida bilimsiz ekanliklarini his qilishdi. Karantin hammamizni uyda o‘tirishga majbur qilganidan keyin nizolar, muammolar, stresslar ko‘paygani tufayli psixologlarga ehtiyoj ortdi.
Ilgari ikki qo‘shni bir-biri bilan gaplashib, dardlashib, farzandlaridagi, er-xotin o‘rtasidagi muammolarini yechib olishgan. Hozir hamma o‘z “arava”sini sudrash bilan band. Hattoki yaqinlar ham bir-birini eshitmaydigan davrga keldik. Ertalab ishga chiqib ketib, kechqurun qaytamiz, ya’ni o‘zimizdan ortmay qoldik. Bu jarayonda, albatta psixologga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Ilmsizlik, kitob o‘qimaslik, davr talabiga moslasha olmaslik ko‘p holatlarda ayollarimizni tushkunlikka tushirib qo‘ydi. O‘zlarini xuddi boshi berk ko‘chaga kirib ketayotgandek his qiladigan bo‘lishdi. Cho‘kayotgan odam xasga yopishadi, deb bejiz aytishmagan. Mana shunday holatdagi ayollar ichlaridagi ehtiyojlarning javobini beradigan manba qidirib, ijtimoiy tarmoqlardagi psixologlarning chiqishlarini kuzatishadi.
— Bugungi kunda yurtimizda qancha psixolog bor?
— Agar maktab va oliy ta’limni qo‘shadigan bo‘lsak, 20 mingga yaqin psixolog bor. Lekin keyingi 2-3 yil oralig‘ida oliy ta’lim muassasalari tayyorlab berayotgan psixologlar sonini ko‘radigan bo‘lsak, 25 ming nafarga yetgan.
Psixolog avvalambor oliy ma’lumotli mutaxassis, ya’ni u biror oliygohning psixologiya fakultetini bitirgan, kamida bakalavr yoki magistr bo‘lishi kerak. U yaxshi ustozdan ta’lim olib, ham nazariy bilimlarni, ham amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda omma bilan yoki yakka tartibda ishlaydigan mutaxassis hisoblanadi.
Biz bugungi kunda malakali, bilim va tajribaga ega mutaxassislarning ko‘payishi tarafdorimiz. Bir oy yoki olti oy o‘qib, o‘zidan psevdopsixolog yasab olganlarni, psixologiyani o‘qimagan, oliy ta’lim dargohiga qadam qo‘ymagan, berilib o‘qish mumkin bo‘lgan katta bir sohani o‘zlashtirmagan, “soxta” psixologlar, desak, bo‘ladi. Chunki biz ham oliy ta’limda o‘qib yurgan kezlarimiz juda ko‘p kitob o‘qiganmiz. Shaxs psixologiyasi, shaxs haqidagi ma’lumotlar deysizmi, bir so‘z bilan aytganda sohani chuqur o‘rganish kerak.
Bugungi kunda psixologiyani hamma sohada tizimli ko‘ryapmiz. Maktablarda, bog‘chalarda, oliy ta’limda, kasb-hunar maktablarida soha vakillari bor. Korxona va tashkilotlarda sifatli psixologik xizmatni olish uchun mutaxassislarga shtatlar ham ajratib berishyapti.
— Psixologlarning asosiy vazifasi nimalardan iborat?
— Har bir sohaning o‘z vazifasi bor. Psixolog shaxsning muammosini u bilan birgalikda yechadigan, unga tashqaridan turib qarashga yordam beradigan mutaxassis. Lekin tarmoq sifatida ko‘radigan bo‘lsak, bolalar psixologiyasini ham, o‘smirlik davrini, oila bo‘yicha mutaxassislarni ham o‘zining maqsad-vazifalari bor. Bular keng doiradagi mutaxassislar sirasiga kiradi.
Psixologiya insonning ruhiyatini, undagi kechinmalarni, holatlarni o‘rganadigan mutaxassis hisoblanadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/kcvUAmIPZZQ" title="Nega psixologlarga ehtiyoj oshib bormoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova,
A.Sodiqov (video),
O‘zA