Ayni vaqtda "Payme", "Apelsin" va "Click" ilovalari kabi bir nechta elektron to‘lov tashkilotlarining Davlat soliq qo‘mitasi bilan integratsiyasi tufayli xizmatlarida uzilishlar kuzatilmoqda.
"Payme" to‘lov tizimining Telegram kanalida ma’lum qilishicha, ayni paytda respublikada chakana savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblar tartibini takomillashtirish, ya’ni barcha to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 1 noyabrdan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan onlayn kassa mashinalari, to‘lov tashkilotlari va fiskal ma’lumotlar operatori o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kuchga kiradi. Tasdiqlangan o‘zaro hamkorlik tizimidan chetga og‘ishlar soliq organlari tomonidan sanksiyalar qo‘llanilishiga olib keladi.
Shu sababli joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, Telegram botlarida to‘lov fiskallashtirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani sababli vaqtincha ishlamaydi.
Qolaversa, "Apelsin" to‘lov tizimi ma’muriyati ham joyida to‘lovlar, QR-kod orqali va boshqa turdagi to‘lovlar 2022 yil 1 noyabrdan boshlab vaqtincha mavjud emasligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, hozirda xizmatlarni qayta boshlash uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi bu holatga quydagicha izoh berdi:
To‘lov tizimlari operatorlari tizimini onlayn-NKMga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga 2022 yil mart oyidan integratsiyalashni ta’minlash talabi o‘rnatilgan. Shu maqsadda to‘lov tashkilotlari bilan tizimli ishlar amalga oshirilib, joriy yilning mart oyidan shu kunga qadar 12 marotaba uchrashuv tashkillashtirilgan.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron to‘lov tizimi orqali elektron fiskal chek taqdim qilish tartibi belgilangan. Xususan, mavjud 48 ta elektron to‘lov tashkilotidan 25 tasi fiskal ma’lumotlar operatoriga integratsiyani to‘liq yakunlagan.
Hozirgi kunda xaridlar uchun to‘lovlarni aksariyat hollarda P2P (kartadan kartaga o‘tkazish) qilish kuzatilmoqda.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan xarid cheklari soni 185 foizga, xarid summasi esa 176 foizga oshdi. Bu raqamlarni yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish natijalari deb qayd etish mumkin deyiladi xabarda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA