Kuni kecha mendan «qaysi sport turlariga qiziqasan?» deb so‘rab qolishdi. To‘g‘risini aytganda, suhbatdoshimga nima deb javob berishni bilmay qoldim. Chunki, yomon ko‘rgan sport turlarimni sanab berishim mumkinu, ammo birortasini yaxshi ko‘raman deb aytolmadim. Suhbatdoshim esa hayron tikilgancha qarab turar ekan, meni zamondan ortda qolib ketgan qiz deb o‘yadi chog‘i.
Ha, hozirgi kunda kishilarning qanchalik sog‘lom hayot kechirishini bilish uchun qaysi sport bilan shug‘ullanishini surishtirish kifoya bo‘lib qoldi. Sportga aloqasi yo‘q odamlarni ular qanchalik band bo‘lishi yoki aqliy mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishidan qat’iy nazar osonlikcha dangasaga yo‘yib qo‘yishadi. Keyin o‘ylab qoldim: Xo‘sh, nega men birorta sport turiga qiziqmayman? Bu bitta mening muammoimmi yoki jamiyatning?
Bu savolga javob topish uchun hikoyani eng boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Bolaligimda USHU sport turiga judayam qiziqqanman. Chunki oila yigitlari - akam va ukam shu sport to‘garagiga qatnashar edi. Menga esa qiz bola bo‘lganim uchun ro‘yxushlik berishmagan. Ota-onam maktabda a’lo baholarga o‘qishim kerakligi, bosh vaqtimda biror bir hunar bilan shug‘ullanishim sportdan ko‘ra foydali bo‘lishi haqida qanchalik tushuntirishga urinishmasin, akamga havas qilib «baribir, sportga qatnayman» deb turib oldim. So‘ng «birgalikda shug‘ullanishga dugonalaring orasidan sherik topsanggina ruxsat beramiz» deyishdi. Lekin bu ish men o‘ylaganchalik oson kechmadi. Bitta bizning oilamizda qizlarni sportga berishmaydimi deb o‘ylasam, deyarli hech qaysi sinfdosh dugonalarimning ota-onasi qizini sportga berishni ma’qullamadi. Nima emish, oshxona ayollar hududi bo‘lganidek, sport zal faqat yigitlar joyi ekan! Tabiiyki, barcha sport turlari ham o‘g‘il bolalarniki emas. Masalan, gimnastikani misol keltirsam – uning kiyinishi mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi, deyishdi. Voleybol, basketbol, gandbol kabi to‘pli o‘yinlarni sanasam - bunday sport turlarida mashq qilavergan qizlar «erkakshoda» bo‘lib ketishini ro‘kach qilib ko‘rsatishdi. Xullas, aqliy sport turlaridan tashqari sanamagan sportim qolmadi. Barchasida asosiy tarkibda yigitlar ko‘p bo‘lishini, ular oldida yugurib yurish qiz bolaga yarashmasligi, sport liboslari ochiq-sochiq ekanligini pesh qilaverib, oxiri sportga bo‘lgan qiziqishimni so‘ndirishdi. Mana men nima uchun sport yo‘lidan chekindim. Mana bizning xalq xotin-qizlar sportiga qanday munosabat bildiradi. Nima mendek orzularidan voz kechganlar kam deb o‘ylaysizmi? Bu borada yolg‘iz emasligim aniq.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Xo‘sh, nega xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishiga ikkinchi darajali masala sifatida qaraladi?
Bu davlat siyosatiga ta’lluqli savol emas, albatta. Chunki, kelajakni oldindan ko‘ra bilgan birinchi prezidentimiz, sog‘lom avlodni faqat sog‘lom onalargina kamolga yetkazib berishini yaxshi anglaganidan, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq mamlakatda xotin-qizlar sportiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirdi. O‘tgan yillarning «Oila yili», «Ayollar yili», «Sog‘lom avlod yili», «Ona va bola yili», «Sihat-salomatlik yili», «Yoshlar yili», «Barkamol avlod yili» deb atalishining zamirida ham xotin-qizlar sportini rivojlantirish bilan bog‘liq ulkan ma’no va mazmun mujassam edi. Birgina sport tizimida davlatimizning ilk qonunlaridan biri «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi, dastlabki ta’sis etilgan mukofotlardan biri «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ekanligi hukumatimizning yoshlarni ma’nan yetuk va jismonan barkamol avlodlar qilib voyaga yetkazishdagi sa’y-harakatlari namunasidir. Qizlarni ommaviy ravishda sportga jalb etishda samarali ishlar amalga oshirilgani, qishloq joylarda zamonaviy sport zallar ochilgani, maktab yoshidagi qizlarga sport kiyimi va ashyolari bepul tarqatilib, ularni sportga bo‘lgan ishtiyoqini rag‘batlantirishgani haqida qancha to‘lib-toshib gapirmaylik shuncha oz va amaliy ishlar hozirgi kungacha davom etmoqda. Lekin, bu sa’y-harakatlar bilan kutilgan natijaga erisha oldikmi? Hammasi faqat davlat amalga oshirgan ishlarga bog‘liq bo‘lganda edi…
Joriy yil boshida U-Report jamoasi O‘zbekistonda sportning ommalashuvi qay darajada ekanligini aniqlash maqsadida yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. 1600 nafardan ortiq qatnashchilar bergan natijalar quyidagilarni tashkil etdi. Xususan, «siz sport bilan shug‘ullanasizmi?» degan savolga 28 % yoshlar umuman shug‘ullanmasligini, 23% haftasiga bir marta, 16 % odamgina har kuni shug‘ullanishini aytgan. «Nima uchun sport bilan shug‘ullanmaysiz?» savoliga esa «vaqtim yo‘q» javobi eng ko‘p ovoz to‘plagan (40%). Respondentlarning 23% dangasaligi tufayli sport bilan shug‘ullanmasa, yana 16 % sport bilan shug‘ullanishga joy yo‘qligini, 8 % umuman sportga qiziqmasligini aytib o‘tgan.
Ko‘rinadiki, odamlarni «sport - faqat bo‘sh vaqtda shug‘ullanadigan jarayon» degan eskicha qarash hali ham tark etgani yo‘q. Bundan tashqari, jamiyat vakillari birinchi galda sportga bo‘lgan qiziqish uyg‘onmas ekan, hukumatning yirik masshtabda olib borayotgan islohotlari yetarli samara bermaydi. Axir «qars ikki qo‘ldan chiqadi» degan maqol bor. Xo‘sh, muammo nimada? Muammo shundaki, yosh avlodda sportga qiziqish uyg‘ota oladigan, unga asosiy tarbiya beruvchi onaning o‘zi sportdan ancha yiroq. Bir qarashda bu ko‘zga tashlanmaydigan omildek go‘yo. Ammo barcha-barchasi ana shu nuqtada boshlanmaydimi? Xo‘sh, ayollarni sportdan uzoqlashtirayotgan muammolar qaysilar?
Muammoning eng birinchi ko‘rinishi: sport nimaga kerak ekanligi mohiyatini juda kam odam tushunib yetadi. Eskicha fikrlash qoldiqlari hali ham mavjudligi shunda ko‘rinadiki, ayollar sport deganda faqat harakatda bo‘lib turishni tushunganidan, kun bo‘yi uy-ro‘zg‘or yumushlarini qilib yursak mashq o‘rniga o‘tib ketaveradi, deb o‘ylashadi Aslida esa har bir sport turining o‘z foydali jihatlari bor. Keling, bular nimalardan iborat ekanligini, xotin-qizlar o‘rtasida eng ommabop bo‘lgan bir nechta sport turlari misolida tushunishga harakat qilamiz.
Masalan, badiiy gimnastika mashqlari organizmning garmonik rivojlanishini ta’minlaydi, qizlarning qaddi-qomati chiroyli bo‘lib voyaga yetishi, sog‘lom onalarni tayyorlash, millat genofondini sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktab, oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlarining jismoniy tarbiya fani o‘quv dasturiga kiritilgan Yengil atletika mashg‘uloti esa tayanch-harakatlanish apparatiga, nafas olish va yurak-tomir tizimining faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
«Taekvando» so‘zi – haqiqatni izlash yoki haqiqatgo‘y bo‘l deb tarjima qilinishidan kelib chiqsak, «o‘zingni o‘rgan va sen borliqni his qilasan» falsafasini taekvando o‘rgatadi.
Yildan yilga ommaviylashib borayotgan ayollar futboli organizmning hamma to‘qima va a’zolari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sport gimnastikasi mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish jarayonida esa odam bajarishi mumkin bo‘lgan hamma harakatlarning sifati, harakatlanish muvozanati, ayniqsa, vestibulyar apparatning funksiyasi takomillashadi.
Bir so‘z bilan aytganda barcha sport turlari o‘ziga xosligi va foydali xususiyatlari bilan bir-biridan kam emas. O‘zbekistonda ham ushbu sport turlari bilan shug‘ullanadigan ayollar ko‘pku, deb nomlarini sanab berishingiz ham mumkin. Ammo, ularning 60-70% rusiyzabon o‘zbekistonliklar bo‘lib chiqadi. Bu muammoning ikkinchi ko‘rinishi. Xalq orasida «rustabiat» deb ataluvchi oilalar o‘z farzandini, xoh u qiz bo‘lsin, xoh o‘g‘il – bolaligidan sport to‘garaklariga qo‘yadi. Chunki, ularda o‘rtacha bitta yoki ikkita farzand bo‘ladi. Bu orqali ular oilada farzand kam bo‘lsa, u bilan shug‘ullanish, uni har tomonlama barkamol qilib o‘stirishga imkon bo‘ladi, degan pirinsipga amal qiladi. O‘zbek xonadonlarida esa farzandlar eng boshidan mehnat qilishga o‘rgatiladi va bu jismoniy sog‘lom bo‘lish uchun yetarli deb hisoblashadi. Men millatimni sevaman, ammo uning kamchiliklariga ko‘z yumolmayman, deganlaridek, bu borada xalqimizning fikrlash tarzi xaliyam tor doirada ekanligini ta’kidlagan bo‘lardim. «Bola rizqi bilan tug‘iladi» degan naql qon-qonimizga singib ketganidan, O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamayish o‘rniga yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Lekin, rizq bu faqat non va choy ichishdan iborat emasku? Qachongacha kenja bolalar aka-opalarining kiyimini kiyib katta bo‘ladi? Bolani har tomonlama ta’minlashga qurbi yetishiga ko‘zi yetgan ota-onagina 8 ta farzand ko‘rsa arziydi. Butun dunyo «kamfarzandlilik – sog‘lom jamiyat qurish kafolati» tamoyiliga o‘tib bo‘layotgan bir paytda, biz bu harakat «bolajon xalq» imijiga putur yetadi deya xato fikrlashda davom etmoqdamiz.
Muammoning uchinchi ko‘rinishi. Ko‘pchilik sport bilan shug‘ullanishiga vaqti yo‘qligini bahona qiladi. Aslida esa hammada vaqt topiladi. Lekin o‘sha vaqtni aksariyat o‘zbeklar to‘y marosimlari va boshqa yumushlar uchun pul yig‘ish, boylik to‘plash, ortiqcha zebu-ziynatlarga burkanish, choyxonama-choyxona yurishga sarflaydi. Buning natijasida jismoniy va faol harakatlar bilan shug‘ullanishni unutib qo‘ygan yoki umuman bilmaydigan ayollar ko‘paymoqda. Buni har uchta ayolning ikkitasi gavdasini arang ko‘tarib yurganidan ham sezish qiyin emas. «Zato», bo‘yinda tillagardon. Sport haqida esa salomatligi butkul putur yetib, oxirgi nuqtada yiqilib qolgandan keyingina o‘ylay boshlashadi.
Beshinchidan, o‘zbek qizlari, «jismoniy tarbiya ” darslari, to‘garak mashg‘ulotlari hamda sport musobaqalarida zo‘rma zo‘raki shug‘ullanadilar, ya’ni «Qoniqarli» baho olish uchungina qatnashadilar. Bularning sabablaridan biri ota-onalarning tazyiqi va voyaga yetgan qizlarning sport kiyimlarida o‘g‘il bolalar oldida shug‘ullanishga uyalishidir.
Bir tomondan ota-onalar ham haq. Badiiy gimnastika, yengil atletika, aerobika, tennis kabi sport turlarining maxsus liboslari haddan tashqari ochiq. Bu o‘zbek mentalitetidagi kiyinish odobiga zid. Jahon talabi shunday ekan deb hamma narsani ko‘r-ko‘rona qabul qilish qanchalik to‘g‘ri? Hech bo‘lmaganda xotin-qizlar sport kiyimlarini o‘zimizga moslashtirib olsa bo‘ladiku?!
Masalan, Yaponiya, Koreya, Xitoy kabi sharq mamlakatlari sportchi ayollari libosiga e’tibor berib ko‘ring, ularning bari yopiq uslubda tikilgan.
Lekin, nega shunday oddiy elementlarga o‘zimizning soha mutasaddilari e’tibor qaratmaydi? Kim bu haqda bosh qotirishi kerak?
Chetdan palon so‘mga qimmat sport kiyim-kechaklari xarid qilgandan ko‘ra, o‘zimizning tadbirkorlar, dizaynerlar salgina bosh qotirib mentalitetimizga mos bejirim liboslar ishlab chiqarsa sportning rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lmasmidi? Modomiki, xorijlik «piar»chilar sport kiyimi deganda barcha «Adidas» ni tasavvur qilishiga erishgan ekan, bu natijani o‘zbek piarchilari ham uddalay oladi. Buning uchun yaxshi g‘oya kerak xolos.
Mayli, barcha sport turlarining libosiga o‘zgartirish kiritila olmasmiz. Masalan, suzish sportining. Biroq, suzish borasida ayollarga ham imkoniyat yaratib berish mumkin. Ya’ni suzish havzasidan hamma aralash foydalanmasdan, haftaning toq kunlari erkaklar, juft kunlari ayollar shug‘ullanish kunlariga ajratish kerak. Shunda ayollar behijolat o‘z qizchalari, dugonalari bilan birgalikda suzaverishlari mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi fikrlardan shunday xulosa yasash mumkinki, xalqning fikrlash tarzi o‘zgarib, xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishiga keng yo‘l ochilmas ekan, kelajak avlodni sportga jalb etish samaradorligi nisbatan past bo‘ladi. Chunki, «Olma tagiga behi tushmaganidek», qachonki, ota qatori ona ham sport bilan shug‘ullansa, farzandida bu boradagi qobiliyat shakllanib boradi. Chempionlar yetishtirishning siri mana shunda. E’tibor berib qarasangiz, mana-man degan jahon chempionlari ortida ularni shu sohaga qiziqtirgan sportchi ota-onalar turganiga guvoh bo‘lasiz.
Shohsanam Mahamadjanova