Bir eksponat tarixi
Poytaxtimizdagi Toshkent tarixi muzeyi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent vohasi — qadimgi Choch, Shosh haqida ma’lumot beruvchi obyekt hisoblanadi. Muzeyda voha tarixining turli davrlariga oid arxeologik topilmalar o‘rin olgan.
Ana shunday eksponatlardan biri jonivorlarning timsollari tasvirlangan sopol buyumlardir. Qadimgi bronza davriga oid ushbu antiqa buyumlarning dastaklari turli jonivorlar ko‘rinishida yasalgan.
Mazkur eksponatlar haqida Toshkent tarixi muzeyi bosh mutaxassisi Feruza Rasulova batafsil so‘zlab berdi:
— Bilamizki, Toshkent o‘ziga xos tarixga ega. Hududda turli davrlarda har xil voqealar sodir bo‘lgan, turli buyumlar yasalgan, — deydi Feruza Rasulova. — Ekspozitsiyamizda o‘ziga xos ko‘rinishga ega, jonivorlarning timsollari tasvirlangan sopol buyumlar namoyishga qo‘yilgan. Ushbu buyumlar qadimgi bronza davri, ya’ni miloddan avvalgi XII-VI asrlarga tegishli bo‘lib, bu davrlarda Toshkent hududida aholi o‘troq hayot tarziga o‘tgan edi. Dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullana boshlashgan va hunarmandchilikning turi bo‘lgan kulolchilik buyumlarini yasashgan. Yangiyo‘l yaqinidagi Qovunchi manzilgohidan topilgan bu buyumlarning dastaklarida tog‘ echkisi va qo‘chqorlarning ko‘rinishlari tasvirlangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n2kUgwaqKZ0" title="Nega buyumlarda jonivorlar shakli aks etgan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Qadimda har bir xalqning o‘ziga xos muqaddas jonivorlari bo‘lgan. Masalan, hozirgacha Hindistonda sigirlar, maymunlar va ilonlarga muqaddas deb qarashadi. O‘sha paytlarda bizning hududimizda qo‘chqor va tog‘ echkilari ilohiylashtirilgan. Olimlarning fikricha, avval Yer yuzida juda issiq havo bo‘lgan, jonivor va o‘simliklar ulkan ko‘rinishda bo‘lgan. Muzlik davri boshlanib, iqlim o‘zgarganidan keyin odamlar ham sovuqdan himoyalanish maqsadida g‘orlarda, pana joylarda yashashni boshlashgan.
Bizning hududdagi tog‘larda asosan tog‘ echkisi va arxarlar bo‘lgan. Odamlar ularning go‘shtidan ovqatlanib, ochlikdan saqlangan, terisidan esa ust-kiyimlar tayyorlab, sovuqdan himoyalanishgan. Shuning uchun ham bora-bora jonivorlarga hayot timsoli sifatida qarab, e’tiqod qila boshlashgan.
Buyumlarda aks eta boshlagan jonivorlar xuddi o‘zidek qilib yasashga harakat qilingan. Bu esa xalqimizning qadimdan san’atga, yaxshilikka va yorug‘likka bo‘lgan intilishidan namunadir. Ushbu buyumlar bronza davriga oid asl nusxalar hisoblanadi, qazilma ishlari davomida yer tagidan topilgan. Yaxshi saqlangan va muzeyimizga tashrif buyuruvchilarning qiziqishlariga sabab bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, Abror Sodiqov (video), O‘zA