Mamlakatimizda «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!» degan hayotbaxsh tamoyil asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qator normativ-huquqiy hujjatlar davlat xizmati sohasida inson resurslarini rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha yanada yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu ma’noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi konseptual jihatdan muhim ahamiyatga ega. Unda mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridagi navbatdagi vazifalar aniq ijro mexanizmi bilan chuqur ifoda etib berildi.
Murojaatnomadagi yana bir jihat, bu o‘rta bo‘g‘in rahbarlari faoliyati xolisona tanqid qilingani bo‘ldi.
Darhaqiqat, bugungi kunda respublikamizda malakali kadrlarga kuchli ehtiyoj mavjudligi, o‘rta va quyi bo‘g‘indagi davlat xizmatchilarida qabul qilinayotgan hujjatlarni ijro etishda bilim va ko‘nikmalar yetarli emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi.
Keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etish va ularni amalga oshirish uchun davlat xizmatchilarida yangidan yangi layoqatlarga ehtiyoj sezilmoqda. O‘z navbatida, bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldiga zamonaviy yondashuvni talab etayotgan qator muhim vazifalarni qo‘ymoqda.
So‘nggi vaqtlarda xorijiy mamlakatlarda davlat xizmatini rivojlantirish bo‘yicha vakolatli organlarning faoliyatida ko‘zga tashlanayotgan muhim tendensiyalardan biri – xorijda asosan mustaqil loyihalar asosida ishlash (loyiha boshqaruvi) shakliga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
Davlat xizmatchilari ishining samaradorligini ta’minlash va kadrlar ishini boshqarishga oid zamonaviy modellarni hayotga tatbiq qilish uchun dolzarb muammolar yuzasidan loyihalarni ishlab chiqish va ijro etish bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Xorijiy davlatlarda loyihalarni amalga oshirish uchun muvaqqat xizmatchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish imkoniyati yaratilgan. Loyihalar asosida ishlash turli sohalarga mamlakat va xorijdagi yetuk ekspertlarni jalb etish, vaziyat va talabga muvofiq biror bir yo‘nalishda davlat boshqaruvini osonlik bilan transformatsiyalashga, dolzarb muammolar bo‘yicha asosli yechimlar topishga imkon yaratadi.
Bunday tizim yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat xizmatchilarida tezkorlik, yaratuvchanlik, katta hajmdagi murakkab ma’lumotlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishni talab qiladi.
Rivojlangan mamlakatlarda davlat boshqaruvi va siyosati bir biridan ajralmagan holda amalga oshiriladi. Shu sababli bu borada davlat xizmatchilarini tayyorlab borish maqsadida London iqtisodiyot maktabi, Harvard, Jorjtaun, Kornel kabi ko‘plab nufuzli xorijiy universitetlarda «Davlat boshqaruvi va siyosat» fakultetlari mavjud.
Siyosatshunoslik nuqtai nazaridan, davlat boshqaruvi jamiyat talablarini o‘z vaqtida qondirishi uchun doimiy tarzda isloh etilishi talab qilinadi. Chunki bugungi global jarayonlar avj olayotgan bir paytda axborot texnologiyalari ta’sirida aholining siyosiy va huquqiy ongi oshib bormoqda. Natijada davlat tomonidan qo‘llanilayotgan amaldagi boshqaruv mexanizmlari o‘z samaradorligini tez yo‘qotmoqda, ayrim hollarda, aynan shu tufayli davlatlar siyosiy inqirozga yuz tutmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi, «Nima sababdan ayrim davlatlar jadal rivojlanmoqda, qolganlar esa turg‘unlik holatidan chiqa olmayapti?». Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat boshqaruvida siyosiy va institutsional islohotlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi davlatni yanada mustahkam qiladi. Shu o‘rinda, masalaga tanqidiy yondashgan holda, O‘zbekistondagi davlat boshqaruviga aloqador ayrim dolzarb muammolar haqida quyidagi mulohazalarni bildirish mumkin:
Birinchidan, O‘zbekistonda hokimiyat vertikalini nomarkazlashtirish, ya’ni o‘rta va quyi bo‘g‘indagi davlat xizmatchilarining mas’uliyatini oshirish maqsadga muvofiqdir. Bu holatda respublika vazirliklari va idoralari nazorat qiluvchi emas, balki buyurtmachi sifatida harakat qilib, mamlakatni umumiy rivojlanish strategiyasi va siyosatini yuritilishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, davlat boshqaruvida kerakli bo‘lgan mutaxassislar taqchilligi yuzaga kelmoqda. Samarali davlat siyosatini amalga oshirish uchun birinchi navbatda strategik tafakkur qilish (strategic thinking) qobiliyatiga ega qadrlar mavjud bo‘lishi darkor va ular doimiy ravishda mavjud muammolarni o‘rganib borishi talab etiladi. Ko‘plab rivojlangan davlatlar dunyodagi kuchli raqobat muhitida eng yaxshi kadrlarni o‘z safiga qo‘shishga bel bog‘lagan. Masalan, oxirgi yillarda Kanada, Germaniya, Xitoy, Avstraliya dunyoda o‘z mavqeini oshirish maqsadida turli millatga mansub iqtidorli va noyob mutaxassislarga immigratsion vizalar berishni sezilarli darajada ko‘paytirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ham bir necha marotaba yuqori salohiyatli vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha fikrlar bildirildi, bu borada aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
O‘z navbatida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijda yashayotgan vatandoshlar orasidan aniqlash va jalb etishda tizimli ishlarni olib bormoqda. Jumladan, Agentlikning Qashqadaryo viloyati filiali tashabbusi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Janubiy Koreya, Finlandiya kabi 10 dan ortiq rivojlangan xorijiy davlatlardagi 20 ga yaqin Vatandoshlarimizni tajriba-sinov tariqasida viloyat hokimining o‘rinbosarlariga, tuman (shahar) hokimlariga, davlat organlari va tashkilotlari hududiy boshqarmalari boshliqlariga jamoatchilik asosida, maslahatchi sifatida biriktirish masalasida muzokaralar olib borilayotganligi Agentlik filiallari tomonidan ham bu yo‘nalishda konstruktiv ishlar boshlab yuborilganligidan dalolat beradi.
Uchinchidan, har qanday uzoq muddatga mo‘ljallangan davlat dasturi va qarorlar ilmiy asoslarga tayangan va ekspert xulosalari bilan sharhlangan bo‘lishi zarur. Shuning uchun avval turli davlatlardagi mavjud davlat boshqaruvi modellari va tizimlari o‘rganilishi kerak. Davlat siyosatini ishlab chiqishning turli modellari mavjud bo‘lib, ular orasida amerikalik siyosatshunoslar M.Xoulett va M.Ramesh tomonidan taklif qilingan besh bosqichli model e’tiborga molik. Mazkur modelda amalga oshirilishi belgilangan ishlar kun tartibini aniqlash (agenda setting)dan boshlanib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab olish (policy formulation), qarorlarni qabul qilish (decision making), amalga oshirish (implementation) bosqichlaridan so‘ng, natijalarni baholash (evaluation) bilan yakunlanadi.
O‘zbekistonda ham ilg‘or xorijiy tajribani va eng yaxshi amaliyotlar (best practices)ni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu albatta foydali, lekin muammoga yechim topish uchun yetarli emas. Yaxshi amaliyotlar har doim ham barcha davlatlarda bir xil natija bermaydi. Shu o‘rinda, inqirozga yuz tutgan davlatlarning ayanchli taqdiri ham mamlakatda beqarorlik omillari va yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni oldini olish nuqtai nazaridan o‘rganilishi foydadan holi bo‘lmaydi.
To‘rtinchidan, mamlakatimizda u yoki bu yo‘nalishda davlat siyosatini ishlab chiqishdan avval, o‘rta va quyi bo‘g‘in idoralarining qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish talab etiladi. Shu sababli mustaqil tahlil markazlari (think-tanks)ni tashkil etish, bu jarayonga katta malakaga ega bo‘lgan tadqiqotchilar, sobiq elchilar, tajribali davlat xizmatchilari yoki akademik soha vakillarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.
Respublikamizda davlat boshqaruviga jamoatchilikni keng jalb etish maqsadida zamonaviy modellarni qo‘llash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratining keng yo‘lga qo‘yilishi, jumladan, «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» tizimi joriy qilinishi, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berdilar.
Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri sifatida kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etilishi zarurligi aytib o‘tildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimizda «Uchinchi Renessans» poydevori yaratilayotganligi davlat boshqaruvi va davlat xizmatini rivojlantirish borasida ham yangi sahifalar ochilishiga turtki bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, davlatchilik va davlat boshqaruvida katta ijobiy o‘zgarishlarga yetaklashi shubhasiz.
Zulfiya Mamatova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
yetakchi inspektori