Nega 105 ta korxonaning IT Park rezidentligi bekor qilindi?
IT Park rezidenti bo‘lish — nafaqat imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish, balki belgilangan talablarga amal qilishni ham anglatadi.
Qonunchilikda nazarda tutilgan soliq va boshqa imtiyozlar, xalqaro bozorlarga chiqish uchun yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan bir qatorda, rezidentlar zimmasida muayyan majburiyatlar ham bor.
Shu talablarga rioya qilmagan korxonalarning rezidentlik maqomi bekor qilinmoqda. Jumladan, 2026-yil sentabr oyining birinchi yarmida o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan 105 ta korxonaning IT Park rezidentligi bekor qilindi.
Yil boshidan buyon esa bunday chora jami 943 ta korxonaga nisbatan qo‘llanilgan. Rezidentlik maqomi bekor qilingan korxonalarning 433 tasi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
Hududlar kesimida qaralganda, Toshkent viloyatida 77 ta, Samarqand viloyatida 68 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 60 ta, Farg‘ona viloyatida 56 ta, Xorazm viloyatida 38 ta, Sirdaryo viloyatida 36 ta va Surxondaryo viloyatida 33 ta korxona reyestrdan chiqarilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidan 29 ta, Qashqadaryodan 25 ta, Navoiydan 24 ta, Jizzaxdan 22 ta, Andijon va Buxoro viloyatlarining har biridan 21 tadan korxonaning rezidentlik maqomi bekor qilingan.
Xo‘sh, IT Park rezidenti bo‘lish qanday majburiyatlarni yuklaydi?
Amaldagi tartibga ko‘ra, rezident korxona tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-rejasi asosida ishlashi kerak. Shuningdek, o‘z faoliyati haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishi, har yili auditdan o‘tishi va IT Park bilan tuzilgan shartnoma talablariga rioya qilishi lozim.
Ya’ni, rezidentlik maqomi imtiyozlardan foydalanish imkoniyati bilan birga, aniq talab va majburiyatlarni ham nazarda tutadi. Bu shartlar bajarilmasa, rezidentlik maqomidan mahrum bo‘lish mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA