“Neftchi” yana karvonboshiga aylandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 10-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvlar o‘z yakuniga yetdi.
Dastlab, Farg‘onada o‘tgan “Vodiy derbisi”da “Neftchi” 4:0 hisobida “Qo‘qon-1912” jamoasini taslim etgan bo‘lsa, "Qizilqum" – "Xorazm" bahsida hisob ochilmadi. Turning oxirgi o‘yinida “Bunyodkor” 2:1 hisobida “Navbahor” jamoasini taslim etdi.

Qayd etilgan natijalardan so‘ng, "Neftchi" ochkolarini 27 taga yetkazib, yana Superliga peshqadamiga aylandi. "Paxtakor" 25 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa, "Bunyodkor" va "Navbahor" 19 ochko jamg‘arib, gollar nisbatiga ko‘ra 3-4 pog‘onani band etdi.
Shuningdek, "Buxoro" 17, OKMK 15, "Lokomotiv" 14 ochko bilan 5-7 o‘rinlarni egalladi. Hisobida bir xil - 13 ochkodan bo‘lgan "Nasaf", "Qizilqum", "Xorazm" va "Andijon" jamoalari gollar nisbatiga ko‘ra, 8-11 o‘rinlarga taqsimlandi. "Surxon" 11, "So‘g‘diyona" 9, "Dinamo" va "Qo‘qon-1912" 8 ochko, "Mash’al" esa qatorasiga 10 ta mag‘lubiyat evaziga jadvalning quyi o‘rinlarida qolmoqda.

O‘tgan 10 tur mobaynida Lyupcho Doriyev ("So‘g‘diyona") 7 ta gol urib to‘purarlar orasida peshqadamga aylandi. Dostonbek Hamdamov ("Paxtakor") va Stefen Chinedu ("Surxon") 6 ta gol bilan kuchli uchlikni yakunlab bermoqda.
Mazkur turdagi uchrashuvlar orasida eng ko‘p muxlis “Neftchi” va “Qo‘qon-1912” bahsiga tashrif buyurdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Vodiy derbisi”ni stadiondan kuzatish uchun “Istiqlol” stadioniga 14 ming 68 nafar futbol ixlosmandlari keldi.

O‘zbekiston Superligasining 11-tur o‘yinlari 2-4-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi bahslarga guvohi bo‘lamiz:
2-may: "Dinamo" — "Mash’al", "Buxoro" — "So‘g‘diyona";
3-may: "OKMK" — "Neftchi", "Qo‘qon-1912" — "Bunyodkor", "Surxon" — "Paxtakor";
4-may: "Xorazm" — "Andijon", "Lokomotiv" — "Qizilqum", "Nasaf" — "Navbahor".
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA