«Neftchi» Osiyo chempionlar ligasini g‘alaba bilan boshladi
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichi ilk turida «Neftchi» Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» jamoasiga qarshi bahs olib bordi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi taymda tashabbusni qo‘lga olgan «Neftchi» futbolchilari raqib darvozasi oldida qator xavfli hujumlar uyushtirdi. Nihoyat, 83-daqiqada Koffi Frank Kuao o‘ng qanotdan jarima maydoni ichiga aniq uzatma berdi. To‘pga birinchi bo‘lib yetib borgan Zoran Marushich boshi bilan zarba berib, hisobni ochdi — 1:0.
Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va «Neftchi» musobaqadagi ilk uchrashuvini g‘alaba bilan yakunlab, 3 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Farg‘ona jamoasi Elit Osiyo chempionlar ligasidagi ikkinchi uchrashuvini 12-oktabr kuni safarda Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga qarshi o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, bugun, 14-sentabr kuni «Paxtakor» safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubiga qarshi maydonga tushadi. Jidda shahridagi «Qirol Abdulloh Sports Siti» stadionida bo‘lib o‘tadigan bahs Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA