Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida birinchi davra bahslarini "Neftchi" va "Xorazm" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlab berdi.
Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazilgan mazkur o‘yinda “Neftchi” 2:0 hisobida zafar quchdi va ochkolarini 30 taga yetkazib olgan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Milliy chempionatimizning o‘tgan 15 ta tur yakunlariga ko‘ra, “Nasaf” 33 ochko bilan karvonboshiga aylandi. “Dinamo” esa 29 ochko bilan uchinchi o‘ringa sho‘ng‘idi. Shuningdek, “Bunyodkor” va OKMK jamoalari 27 ochko jamg‘arib, kuchli beshlikka joylashdi.

“Paxtakor” va “Navbahor” jamoalari 26 ochko bilan 6-7 pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, “Surxon” 18 ochko bilan 8-o‘rinda qoldi. “Andijon” va “Qizilqum” 17 ochko to‘plab, liganing eng kuchli 10 ta jamoasi qatoridan joy oldi. Superliganing 11-o‘rnini “So‘g‘diyona” klubi 16 ochko bilan band etdi. “Mash’al”15, “Xorazm” 14, “Buxoro” esa 13 ochko bilan 12-14 o‘ringa joylashdi.

Mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan “Qo‘qon-1912” 12, “Sho‘rtan” bor yo‘g‘i 9 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda. Birinchi davra davomida “Paxtakor” klubi hujumchisi Igor Sergeyev chempionat to‘purarlari ro‘yxatida 11 ta gol bilan yaqqol peshqadamga aylandi. Uni Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) 9 ta gol urgan holda ta’qib qilmoqda. Luis Karrochi (“Bunyodkor”) va Husayn Norchayev (“Nasaf”) 8 ta gol bilan keyingi 3-4 o‘rinda qayd etildi.
Endi jamoalar 1 avgust kuniga qadar qisqa muddatli ta’tilga chiqadi va shu kuni chempionatning 16-turi start oladi hamda 3 avgust kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA