Nazorat kimning qoʻlida? Blok-postlardan reportaj
“Dezinfeksiya”, “izolyatsiya”, “sanitariya” soʻzlari odamlar kun tartibining kalit atamalariga aylandi.
Uyda qoling
“Dezinfeksiya”, “izolyatsiya”, “sanitariya” soʻzlari odamlar kun tartibining kalit atamalariga aylandi. Jahon yoʻllariga blok-postlar qoʻyilgan. Chegaralar allaqachon berk. Yirik shaharlar tugul mahalla – guzarlararo oʻtib-qaytayotgan yakkam-dukkam ulovlar ham jiddiy nazoratga olingan. Oʻzbekistonda ham ahvol shu.
Joriy yilning 3-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari koronavirus tarqab ketmasligi uchun hukumat tomonidan barcha choralar koʻrilayotgani, har bir oʻzbekistonlik, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Muvofiq ravishda
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi yoppasiga kurash ketayotgan vaziyatda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari oʻz pozitsiyalarida, kunduzgi va tungi jangovar xizmatni kuchaytirilgan tartibda – sergak va hushyorlikda oʻtamoqda. Karantin zonalari, hududlarni dezinfeksiya qilish tadbirlari barobarida Vatan himoyachilari respublikamizning barcha hududlarida oʻrnatilgan blok-postlarda ham “koʻrinmas dushman”ni zararsizlantirmoqda.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug – qoʻmondonlik tomonidan vaqtincha oʻrnatilgan blok-postlardagi nazorat yana-da kuchaytirildi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug – harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi aʼlo darajada ekanligi qayd etildi.
Markaziy harbiy okrug – xizmat olib borish tartibi, blok-postlar orqali oʻtib-qaytuvchi tegishli ruxsatnomaga ega har qanday transport vositasi va jismoniy shaxslar karantin qoidalariga muvofiq harakatlanayotgani va aksincha holatlarda ularga nisbatan oʻz vaqtida muayyan choralar koʻrilishi belgilandi.
Sharqiy harbiy okrug – vodiyning aholi zich hududlarida koʻchalardagi harakatni kamaytirish, sunʼiy ravishda zarurat tashkil etib, fuqarolarning “uyda qolish” oʻrniga jam boʻlishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Toshkent harbiy okrugi – hududlar va poytaxtga kirish-chiqish yoʻllari toʻliq nazorat ostida. Markaziy koʻchalar, mahallalar ichidagi aylanma harakat yoʻllariga ham blok-postlar oʻrnatish ishlari jadallashmoqda. Karantin qoidalariga zid xatti-harakatlarning barchasi qonun doirasida bartaraf etilayotir.
Amaliy kurash yoʻsinidan tashqari harbiy xizmatchilar hududlar boʻylab jangovar mashinalarda kezib, aholiga karantin qoidalariga toʻla amal qilishga chorlovchi chaqiriqlar, yoʻl-yoʻriqlar, milliy gʻurur, birdamlik va sabotni uygʻotuvchi kuy-qoʻshiqlar yangratib, fuqarolarimiz qalblarida maʼnaviy immunitetni mustahkamlashga ham koʻmaklashmoqda.
Bu saʼy-harakatlar qisqa fursatda oʻz ijobiy samarasini beradi.
Leytenant Alibek OMONTURDIYEV,
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri.