Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi”, “Uzbekistan GTL” MCHJlar hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 20 iyun kuni muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash omillari, o‘zgarishlar mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi”, “Uzbekistan GTL” MCHJlari korxonalari bilan hamkorlikning yangi istiqbollarini amalga oshirishga qaratilgan bitimlar imzolandi.
– Bu bitimlar bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab beradi, – dedi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orifjon Bozorov. – Bunday deyishimga sabab, Prezidentimizning 2022 yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra yosh olimlarimizning ilmiy tadqiqot ishlarini korxonalarning zamonaviy laboratoriyalarida amalga oshirish imkoniyatlari kengaydi. Talabalar amaliyoti yuksak saviyada tashkil etila boshladi.
Ta’kidlash lozimki, 2023-2024 yillarda institut talabalaridan 700 nafarining amaliyoti ta’lim klasteri tarkibidagi korxonalarda tashkil etildi. Ishlab chiqarish korxonalarining takliflari asosida ta’lim yo‘nalishlariga 10 dan ziyod yangi fanlar kiritildi va fan dasturlari takomillashtirildi.
Korxonalarning malakali xodimlaridan 20 nafari o‘quv jarayoniga jalb etildi, institut professor-o‘qituvchilaridan 28 nafarining ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkasi tashkil qilindi. Klaster korxonalari tomonidan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliyot va stipendiya bo‘yicha tanlovlar joriy etildi. Natijada institut talabalaridan 20 nafari "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" MCHJ va 5 nafari "Uzbekistan GTL" MJCH joriy etgan stipendiya tanlovlari g‘olibi bo‘ldi. 69 nafar talaba ish bilan ta’minlandi. Institut professor-o‘qituvchilaridan 4 nafari Uzbekistan GTL kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
[gallery-18111]
Ta’lim klasteri tarkibidagi "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" MCHJ, "Uzbekistan GTL" MCHJ, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ishtirokida 3 ta amaliy loyiha bajarildi. Korxonalar tadqiqotchilari va institut yosh olimlari ishtirokida ta’lim klasteri muammolari va ularning yechimlariga bag‘ishlangan 2 ta ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Klaster tarkibidagi korxonalardan 12 nafar yosh mutaxassis ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etildi va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilindi. Institut yosh o‘qituvchilaridan 6 nafari hamda ishlab chiqarish korxonalari xodimlaridan bir nafari texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
Matbuot anjumani savol javoblarga boy bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarining oliy ta’limdagi o‘zgarishlar, dual ta’limning yo‘lga qo‘yilishi, ilmiy darajalarni olish bosqichlari, institutning kitob fondi, materialshunoslik yo‘nalishining afzalliklari kabi savollariga batafsil javob oldi. Ishtirokchilar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi tarixi va buguni haqida so‘zlovchi muzey faoliyati bilan tanishtirildi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari