Nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi
Qorovulbozor tuman kasb-hunar maktabi negizidagi Qorovulbozor tuman politexnikumida yoshlar neft va gazni qayta ishlash, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, neft va gazni qazib olish ishlari kabi yo‘nalishlarda, shuningdek, “payvandlash ishlari” mutaxassisligi bo‘yicha uch oylik o‘quv kursida tahsil olmoqda.
Bitiruvchilarga mamlakatimizda tan olinadigan davlat namunasidagi diplom topshiriladi. Muassasada o‘qish muddati 2 yil bo‘lib, to‘lov kontrakt shartnoma asosida. Politexnikumni bitirganlarga malaka sertifikati berilishi barobarida hududdagi neft-gaz burg‘ilash korxonalariga ishga joylashtiriladi.
Qorovulbozor tumani politexnikumining kompressor qurilmalari mashinisti mutaxassisligida tahsil olayotgan 101 nafar o‘quvchi yoshlar nazariy olgan bilimlarini Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish amaliyotida mustahkamlashmoqda.


O‘quvchilar korxonaning 1 va 2-sex bloklarida yuqori haroratli neft va gaz mahsulotlarini transport qiluvchi kompressor va nasos qurilmalari faoliyati bilan tanishishdi va ulardan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlarga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, yosh mutaxassislar neft va gazni qayta ishlash sohasidagi texnik yangilanishlar, kompressorlarning turlari, ularning tuzilishi, qo‘llanilish sohalari hamda neft va gazni qayta ishlash uchun rezervuarlardan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarni egallamoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.